Sahifa yuklanmoqda . . .


Yozgi bog'

1

* * *

Salqin uzoq.
Yo‘l otash.
Uzun...
Zabt aylagan otash havoni.
To boqqacha olovli tuzum,
To boqqacha yo‘llar sahroli.
O, ilonlar o‘rmalagan qum,
Saksovullar bukchaygan barxan...
Lorsillagan quyosh bus-butun,
Yong‘in otar yongan falakdan.
Men yiqildim yulg‘inzorlarga,
Kulcha bo‘ldi ko‘ksimda ilon.
Xayolida bog‘i borlarga
Faqat sabru toqatmi imon?
Tanglayimga yopishgan tilim —
So‘z aytolmas — og‘zimda qotdi.
Ammo bog‘ning orzusi dilim
Tubida bir sabo uyg‘otdi.
O, ko‘ksimga to‘kildi shabnam,
Qalbda maysa sasini sezdim.
Go‘yo jannat bog‘ingda bu dam
Hurlik ichra mastona kezdim.
Farishtalar ayladi parvoz,
Atrofimdan sahrolar forig‘.
Yoz! Bog‘ini yiroq tutgan yoz!—
Sarobini tutmadi darig‘...


2

* * *

Bog‘laringning devorlari mo‘l,
Bo‘yim yetmas — devori baland.
Berk eshikka taqaladi yo‘l —
Ichkari band — shamol bilan band.

Shoxlarini devordan otdi,
Meni hatto ayadi daraxt.
Ammo yo‘lga devoring qotdi —
Ichkari band — salqin bilan band.

Anhorlarim manim quridi,
Saratonda yonib ketdi baxt.
Tashqarida faqat g‘ururim —
Ichkari band — gullar bilan band.

Bog‘laringning bo‘ldim gadosi!
Kulgilarning jarangi bebaxt,
Unutilgan ishqning sadosi...
Ichkari band — kulgu bilan band.

Devorlardan o‘tadi uchib
Kapalaklar — qanday tolemand...
Seni butun bog‘ bilan quchib
Ichkari band — mastlik bilan band.

Daraxtlarning shovullashlari
Bo‘g‘inimni etadi band-band...
Xayolimning yashil mavjlari —
Ichkari band — bir sen bilan band.

Yoz! Ijozat so‘ra Tangridan,
Bir kechaga qolayin butun...
Dil oqmoqda... Bu bog‘ bag‘ridan
Ariq bo‘lib o‘taman bu tun.


3

* * *

Ariq bo‘ldim yoz bog‘larida,
Tanda yuvdim qiyoqlarini.
Yoz o‘ltirdi qirg‘oqlarimga —
Osiltirib oyoqlarini.

Halovatlar ufurib, sipo
Oqdim — quchib gullar bo‘yini.
Vujudimni to‘lgotdi nogoh
Erka yozning olma o‘yini.

Barglar aro tirik tangalar
Sochdi quyosh — sochdi bejarang.
Menda oqdi qanday olmalar! —
Xuddi qizning ko‘ksiday tarang.

Taniq sevgim! Issiqbadan yoz!
Quchog‘ingda oqmoqlik orom —
Har ildizga intilib mumtoz
Tan bulguncha bog‘ ichra talon.

Ariq bo‘ldim yoz bog‘larida —
Yo‘ngichqalar aro taraldim.
Daraxtlarning yaproqlarida,
Mevasida qayta yaraldim.

Men seningman, seningman — tamom!
Talon bo‘ldim — tamom yo‘q bo‘ldim.
Bir mevangda qizardim alvon,
Bir bargingda ko‘kdan ko‘k bo‘ldim.

Yoz! Sevganim! Jonim — beminnat!
Ne’matingga qotilaman men...
Bir tangaga — oxir oqibat —
Bozoringda sotilaman men.


4

TUN. DOVUL.

Guvilladi chinor tun bo‘yi,
Chinor oqdi tun bo‘yi, go‘yo
Sharsharadan ko‘chganday quyun,
Nogoh paydo bo‘lganday daryo.

Chirog‘imdan tushgan yog‘duni
Hozir mavjlar taraydiganday.
Derazaning esin og‘dirib,
Baliqlar jim qaraydiganday.

Guvilladi chinor tun bo‘yi,
Tun bo‘yi u chayqaldi mast.
Bog‘da qurdi bahaybat o‘yin,
Chopdi— o‘zin ko‘targancha dast.

Falak jomin beo‘xshov chertib,
Chayqalarkan mastlikda sohir,
Shundoq kirdi devorni yirtib
Va menga ham uzatdi chog‘ir.

O‘, ikkimiz qurdik soz suhbat,
Alyor aytdik tonggacha sho‘x-sha’n:
— Sog‘-salomat bo‘ling...
— Ming rahmat!
— Siz — telbasiz...
— Siz esa ulkan!

Chinor qaytdi tongda bog‘iga,
Dovul bitdi. Bitdi tungi erk.
Ildiz — yana yer quchog‘ida.
Devorlar — but. Darvozalar — berk.


5

* * *

Qaysi oshiq baxtini quchdi,
Olma otdi qaysi malika?
Bog‘da "to‘p-to‘p"— olmalar tushdi —
Sukunatga to‘p-to‘p vahima.

Qorong‘uda terak uchida
Qaysi shamol chopdi ko‘pkari?
Hovuz — yulduz to‘la ichida —
Osmonni naq qo‘ydi to‘ntarib.

Sen yig‘lading termulib boqqa —
Bog‘da go‘zal edi tun behad!
Men yelkangga qo‘lim qo‘ymoqqa
Na kuch topdim, na rahm-shafqat.

Faqat men ham bog‘larga boqdim,
Chiroqlarim ko‘ksimda o‘chib.
Nazarimda uzoq-uzoqdan
Boqqa ruhlar keldilar ko‘chib.

Shunday kecha yangi dunyoga
Shayton olma urug‘in qadar.
U jim boqar Momo Havoga,
U ham buyuk — Xudovand qadar...


6

* * *

Yoz nog‘ora chaldi bu oqshom,
Qiz boshiga po‘ta qo‘ndirdi.
Shodiyonami? SHodyona — oson!
To‘yxonani raqsga to‘ldirdi.

Navqironlik o‘ynagin kulib!—
Dunyo to‘la yozdir panohing.
Dil cho‘kmasin — tubandan yulqin!
Ruhing yuksat — yo‘qdir gunohing!

Hamma chiroq yonar o‘rtanib,
Xizmatingga hamma chiroq shay.
Yuraklarga umid o‘rnatib,
Qadahlarga quyilmoqda may...

Karnay-surnay baxt sho‘basida
Ibtidoni etganida qayd —
Kelin-kuyov — ishq shu’lasida —
Ikki misra va bir go‘zal bayt.

Yoz aylanar bo‘m-bo‘sh hovlini,
Mehmonlarni qo‘yar kuzatib —
Har biriga bosib bag‘rini,
Har biriga qo‘lin uzatib.

Yoz aylanar to‘zg‘in hovlini,
Jilmaygancha to‘xtaydi bir dam...
Bir daraxtga suyab yag‘rinin,
Ko‘zin yumgan horg‘in bir odam.

Baxti bormi, yo‘qmi — bilmaydi,
Odamlarday to‘y qildi, shukur...
Ammo charchoq — mangu — tinmaydi,
Zirqiraydi vujudi qurg‘ur.

Yoz hovlida kezar tun bo‘yi,
Yaproqlarga qaraydi bosiq —
Bu odamning shirin o‘yini
Shabadalar ketmasin bosib.

Yoz hovlida kezar tun bo‘yi —
Va yoshini artadi vazmin...
Kuygan oyning o‘rog‘i kabi —
Odam yuzin kesmoqda — ajin.

Yoz biladi — falak toqida
O‘z ishini aylab bajo-taxt,
Parvo etmay yozning bog‘iga,
Oqib borar,
Oqib borar Vaqt...


7

* * *

Og‘ir fe’lli mehnatkash bola
Hormaydi yo‘ng‘ichqa o‘rib...
Ko‘kartirar maysani yana
Tinmas Hayot — abadiy cho‘ri.
Hovuzlarning labida qator —
Qator tollar — salqin qo‘shini —
Jonbaxsh suvga soyalar otar —
Baliqlarga ketar qo‘shilib.
Olisdagi tog‘laru dashtlar
Karaxtlikda tosh qotgan ummon.
Chizillovuq kuylab po‘st tashlar,
Po‘st tashlaru bo‘ladi qurbon.
Dashtda otlar kishnashar tolib,
Kishan botib oyoqlariga.
(Bola g‘amgin boqar maysaning
O‘roq tekkan qiyoqlariga).
Qushlar nogoh etishar nola
Bargda qirg‘iy ko‘lkasin ko‘rib...
Og‘ir fe’lli, mehnatkash bola
Horimaydi yo‘ng‘ichqa o‘rib.
U anglamas borligin zavol,
Go‘yo mangu fursatlar yetgan...
Shunday yozni tashlab bemalol,
O‘sha bola qaylarga ketgan?


8

* * *

Yoz. Vaqtning o‘tganin bildirmagay hech,
Yoz — saxiy, qo‘lida sovg‘a-salomi.
Vujudni to‘ldirib tindirmagay hech,
Uch oy eslamagay hech zot zavolin.

Yozda yosh to‘kaman hammadan pinhon,
"Oh"imga to‘ladi "oh"siz olamlar.
Egam, mana bu — Yer,
Mana bu — Osmon...
Nega faqat o‘zin ko‘rar odamlar?

 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 24-Mayda yuklangan

708 marta ko'rildi

6 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
yoz bog' yer osmon hayot dunyo xayol xotira
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari