Sahifa yuklanmoqda . . .
1
Daryoning qum qirg‘oqlarida
Yap-yalang‘och yotar saraton...
Men qichqirdim quloqlariga:
- Oting nima? Mudrama! Uyg‘on!
Qumli sohil ketguncha uyqu...
Qilt etmadi saraton tani.
Ko‘zni yumib yotaverdi u.
U erindi ismin aytgani.
2
Tush. Saraton chopadi ketmon.
Yuz-ko‘zidan oqib borar ter.
Saratonim, jonim saraton,
Sen ismingni menga aytib ber.
Quyosh o‘zi ming-ming asrkim,
O‘t ismini yillarga o‘ymish...
Tush. Saraton ketmon chopar jim —
U ismini unutib qo‘ymish...
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).