Sahifa yuklanmoqda . . .


Yonayotgan gulxanlar

Ko’z o’ngimda bepoyon bog’lar,
Yaproqlarda tillarang g’ubor.
Yaqinlashib qolgandek tog’lar,
Havo shunday tiniq, beg’ubor.

Shitirlagan tungi yomg’ir ham,
Tumanlarni quchoqlagan tong,
Qop-qoraygan dala-yu qir ham
Bari menga tanish, qadrdon.

Daraxtlarda lovillar gulxan,
Yuragimda uning tafti bor.
Bog’chadagi xazonlar bilan
Uchib yurar kechagi bahor.

Meni tashlab ketmoqchi do’stni
To’xtatmoqchi bo’lganday, bu on
Men jimgina qo’lim cho’zaman
Yonayotgan gulxanlar tomon.

1977

* * *
Men ertaga juda erta
Tinch uyqumni buzaman.
Oq ko’ylagim kiyaman-da,
Dalalarni kezaman.

Yashilgina maysalarning
Barglariga bosib lab,
Erkalayman qizaloqday,
Qulog’iga shivirlab.

Keyin oyning yelkasiga
Qo’limni qo’yib beun,
Yuragimni ochaman –
Oydin bo’lar o’sha tun…

1976


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

15 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari