Sahifa yuklanmoqda . . .


Yaxshi odam

U — osmondan tushgan dahriy qush —
Yoqib yuksak hayotlarini,
Odamlarga in’om qilar xush —
Yulduz hidli qanotlarini.

Oshnalikka uni tanlashar.
Ko‘ylak kabi, poyabzal kabi.
Hamma bilan kechdan tonglashar,
Ammo xira bo‘lmaydi ta’bi.

Maysalarday yashar olamda,
Ayyor-ayyor ishlardan basir.
U odam deb boqar odamga
Va tushadi hammaga asir.

Hayotga ko‘p tikilib boqmas,
Bir qarasa — hamma gap ayon.
Jilmaygancha turadi besas,
Unga zahrin to‘karkan chayon.

U sharobni birdam sovutar,
Ko‘zin yumib simirar dam-dam,
U o‘zini o‘zi ovutar,
Ovutadi boshqalarni ham.

Tortinchoqni jilmayib suyar,
Dalda berar jur’at uzatib.
U hammani kuzatib qo‘yar,
Uni hech kim qo‘ymas kuzatib.

U hech kimga qadrli emas,
Hech kim bilmas asl otini.
Yolg‘ondan ham "yolg‘izim" demas,
Uning rostgo‘y,
Erka xotini...


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 18-Mayda yuklangan

286 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
osmon qush odam qadr xotin munosabat hayot tabassum
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari