Sahifa yuklanmoqda . . .


XX asr Otellosi

Sen haqingda ko‘p gapiradilar —
U go‘zal, deydilar.
So‘zlari asal, deydilar.

Men esa jamoling ta’rifini
Hatto she’rimga ham sig‘dirolmayman,

Sen haqingda ko‘p gapiradilar.
U yagona, deydilar,
Atrofida yigitlar parvona, deydilar.

Mening g‘azab bilan qimtilgan labim
Tongday oqaradi, bargday qaltirar.

Sen haqingda ko‘p gapiradilar:
«Ochiq qolgan derazadan titrab, hansirab,
Oyga qarab uchdi bo‘sa ovozi»...

G‘iybatlar mavzusi, ey Dezdemonam,
Otello huquqin bersang-chi menga,
Otello huquqin bersang-chi,
Otello huquqin!..
— Otello!..

— Dezdemonam, sen aybdor emas!
Qip-qizarib o‘z ovozimdan
Olazarak boqib atrofga,
(Tag‘in birov eshitmadimi?)
Men — Otello — Yagolar bilan
G‘iybat qilib turibman seni.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 24-Aprelda yuklangan

29 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
otello dezdemona rashk go'zallik g'iybat gunoh she'r huquq
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari