Sahifa yuklanmoqda . . .
1
* * *
Bog‘im ketdi — qolgan ko‘nglim yoboni,
Oldida qum, ortidadir dovoni,
Kelayotgan o‘zgalarning davroni —
To‘xta-ya, to‘xtagin, umrim karvoni.
G‘am selini tun-kun kechib o‘tding sen,
Kishanlarni uzib, yechib o‘tding sen,
Ko‘z yoshlarni ichib-ichib o‘tding sen —
To‘xta-ya, to‘xtagin, umrim karvoni.
Orzular o‘tlarda yonib ketdilar,
Shamollar kullarni olib ketdilar —
Hatto kullari ham g‘olib ketdilar —
To‘xta-ya, to‘xtagin, umrim karvoni.
Ketgan — oftob, qolgan — mitti chiroqdir,
Chiroqni puflagan maston firoqdir,
Osmonga qaradim — osmon yiroqdir —
To‘xta-ya, to‘xtagin, umrim karvoni.
Bir o‘jar, dovulda uchib qolyapman,
Tuyangdan sirg‘anib tushib qolyapman.
Yo‘lingda qumlarni quchib qolyapman,—
To‘xta-ya, to‘xtagin, umrim karvoni.
Jonimni buncha tez fidolar qildim,
Garchi eshitmaysan — duolar qildim,
Ortingdan emranib sadolar qildim:
— To‘xta-ya, to‘xtagin, umrim karvoni.
O, bekor sha’n o‘ylar surib boryapsan,
Bilmaysan, qaylarga yurib boryapsan,
Boryapsan — tuproqqa kirib boryapsan —
To‘xta-ya, to‘xtagin, umrim karvoni.
2
* * *
Dunyo ro‘yi bunchalar aziz —
Termuldimmi — yig‘i tomoqda.
Tiriklikda visol yo‘q hargiz,
Kelgandayman vido aytmoqqa.
Ko‘ngil cheksiz dardlarga to‘lar —
Boru yo‘g‘im Vaqtning ko‘yida.;
O‘, osilib yig‘lasam bo‘lar
Teraklarning uzun bo‘yiga.
Azoblardan etmagay xalos,
Yurak qo‘ymas bekor yoqishin.
Nega menga bo‘lmadi meros
Turnalarning qanot qoqishi?
Qulfdir Vaqtning temir sarhadi,
Ketganicha yo‘li tikandir.
Turnaning ham sig‘magay haddi,
Shamolning ham yo‘li shikandir.
Vah, aylana boshladi tezkor
Boshim uzra falakning charxi:
Ko‘zni ochib yumganchalik bor —
Aniq — inson umrining narxi.
Dilga ko‘rsat yuzingni, dunyo,
Qayta-qayta o‘rtasin tanni.
Ko‘zlarimni, mana, yumdim, o...
Ochmoqlikka ulguramanmi?
3
* * *
Urindim — asroring yecha olmadim,—
Har bitta jilvangda ming sirli tugun.
Faqat, tangrim, kechir, bandalaringdan
Erku Ozodlikni kutganim uchun.
Qichqirdim — bo‘g‘zimda qotdilar unlar,
Ko‘z yoshlarim oqdi suv kabi beta’m.
Axir, tangrim, kechir, qorong‘u tunlar
Bo‘zlab, yo‘l so‘radim bandalaringdan.
Sening osmoningga yetmadi bo‘yim,
Yerdan past ko‘klarni ayladim tavof.
Faqat, tangrim, kechir, bandalaringdan
Mangu savollarga izladim javob.
Ravo aylamaysan menga mehringni,
Hatto ko‘rgazmaysan g‘azabu zug‘um.
Tangrim, faqat kechir, bandalaringga
Bir qatra Ozodlik bermaganim-chun.
Qon yutgan ko‘rimlar uchun kechirgin,
Bemahal o‘limlar uchun kechirgin.
Ko‘zimning yoshligi uchun kechirgin.
Dunyoning toshligi uchun kechirgin.
Kechirgin — ko‘yingda adashganimni,
Kechirgin — ko‘yingda tinmaganim-chun,
Kechirgin — erk uchun taloshganimni
Va erk senligingni bilmaganim-chun.
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).