Sahifa yuklanmoqda . . .
Xayr-xo‘sh yo‘q — jo‘nayman bexos Sog‘inchning hur so‘ziga ko‘nib. Boysun menga chiqadi peshvoz Oqdovonda boychechak bo‘lib. Adirlarning cho‘ng yelkalari Alvonlashib borayotgan payt, Men beuquv sog‘inchim bilan Boychechakka to‘qiyman bir bayt. Tog‘dan kelar shamol — hor isli, Bahor bo‘yi ufurar dashtdan. Qishning ulkan hasratin mitti Chechak so‘zlab berar bir boshdan. Shaharga yur, desam — ko‘nmaydi, Bosh chayqaydi, ildizning quli... Uzilsang ham sira o‘lmaysan, Hech so‘lmaysan... To‘g‘rimi, gulim?
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).