Sahifa yuklanmoqda . . .
Xastamen...Fikrga, tuyg‘uga to‘lib —
Oy menga hamqadam — sokin yuramen,
Sog‘aysam bir kuni yozamen to‘yib,
Hislarga qalbimni qo‘shib yozamen.
Kechalar yururmen telbaday horib,
Boshimda oy borur, menga hamqadam.
Xayollar uchadi mash’alday yonib,
To‘yib yozajakmen bir kun sog‘aysam...
1959
Oybek shoir, adib va adabiy harakatning rahbari sifatida XX asr o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga bebaho hissa qo‘shdi. U adabiyotimizni turli janr va shakldagi asarlar bilan boyitibgina qolmay, Cho‘lpon va Abdulla Qodiriylar ijodi tufayli shakllangan adabiy tilimizga yanada sayqal berdi. Eng muhimi, Cho‘lponlar qatag‘on etilgan, hatto ularning buyuk asarlarini o‘qish mumkin bo‘lmagan davrlarda Oybek o‘zining ijodiy izlanishlari va badiiy tajribalari bilan kelgusi adabiy avlodlarga mash’al o‘laroq, badiiy ijodning munavvar yo‘llarini yoritib turdi.