Sahifa yuklanmoqda . . .


"Xamsa"ga tatabbu

1

HAYRAT-UL ABROR

Hikmatni ko‘p ko‘rdim bu dahri dunda —
Kulgili bo‘lmasmi bir sirni ochsam.
Quyosh tomon yursam — soyam ortimda,
Soyam oldindadir quyoshdan qochsam.


2

FARHOD VA SHIRIN

— Men yomon
Sen chinni suydim...
— Men ham yomon,
Sen ham yomon.
— Men g‘ulom,
Sen hurni suydim...
— Men ham g‘ulom,
Sen ham g‘ulom.
— Men tobon,
Sen kunni suydim...
— Men ham tobon,
Sen ham tobon.
— Men zamon,
Sen tunni suydim...
— Men ham zamon,
Sen ham zamon.
— Men to‘zon,
Sen hulni suydim...
— Men ham to‘zon,
Sen ham to‘zon.
— Men xazon,
Sen gulni suydim...
— Men ham xazon,
Sen ham xazon.
— Sen bilan to‘ldi dilim,
Mamot ichinda
Hayot — sen...
— Mamotdan ulug‘
Men — Shirin,
Hayotdan ulug‘
Farhod — sen...


3

LAYLI VA MAJNUN

- Hijron dashtida xormiz.
- Layliyu Majnunlik shu.
- Visolga zoru zormiz.
- Layliyu Majnunlik shu.
- Qismati mushkul kormiz.
- Layliyu Majnunlik shu.
- Hasratga mudom yormiz.
- Layliyu Majnunlik shu.
-Yoz kuni yoqqan qormiz.
- Layliyu Majnunlik shu.
- Bir-birimizga dormiz.
- Layliyu Majnunlik shu.


4

SAB’AI SAYYOR

Bir sayyoh aytdikim,
Dunyoni ko‘rdim —
Nolasi yo‘q erur
Qo‘shiqdan o‘zga.
Ikkinchisi aytdi:
— Dunyoni ko‘rdim —
Asl jamolini
Yashirgan ko‘zdan.
Uchinchisi aytdi:
— Dunyoni ko‘rdim —
Qadami jonlarning
Farog‘atidir.
To‘rtinchisi aytdi:
— Dunyoni ko‘rdim —
Mag‘zi — do‘stga do‘stning
Raqobatidir.
Beshinchisi aytdi:
— Dunyoni ko‘rdim —
Kaftimda qum kabi
Oqib ketdi u.
Oltinchisi aytdi:
— Dunyoni ko‘rdim —
Bir malak suratda
Boqib ketdi u.
Yettinchi aytdi:
— Dunyoni ko‘rdim —
Ichida odamzot
Chala imorat...

G‘oyib nido aytdi:
— Yaxshilab qarang...
Hayotu Mamotdan
Dunyo iborat.


5

DEVOR YOXUD SADDIY ISKANDARIY

Qor yomg‘irdan qo‘rqadi.
Yomg‘ir quyoshdan qo‘rqadi.
Quyosh bulutdan qo‘rqadi.
Bulut shamoldan qo‘rqadi.
Shamol sukutdan qo‘rqadi.
Sukut surondan qo‘rqadi.
Suron o‘limdan qo‘rqadi...

O‘lim kimdan qo‘rqadi?
O‘lim kimdan qo‘rqadi?
Tangrim, nega jim turibsan
Ayt, o‘lim kimdan qo‘rqadi?

 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 24-Mayda yuklangan

973 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
xamsa hayratul abror farhod va shirin layli va majnun sab'ai sayyor saddi iskandariy hikmat dunyo
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari