Sahifa yuklanmoqda . . .


Xalqona ohanglar

Kuyarmish ko‘rgan ko‘ngil,

Ishqqa yuz burgan ko‘ngil,

Yoshlikda bergan ko‘ngil,

Yomon bo‘lar deydilar.

 

Yillar qoqsalar changing,

Ketkazarmidir zanging.

Sevganingda ol ranging,

Somon bo‘lar deydilar.

 

Ko‘ksida bo‘lsa boshing,

To‘kilmasa ko‘z yoshing.

Vasl onlarinda qoshing,

Kamon bo‘lar deydilar.

 

Holim g‘am siyohinda,

Unsam har giyohinda,

Boshing yor oyog‘inda

Omon bo‘lar deydilar.

 

Ishq yo‘linda g‘am cheksang,

Hajringda cho‘ksang, cho‘ksang.

Ko‘z yoshlaring yuzingda

Ravon bo‘lar deydilar.

 

Ikki dunyo yo‘q visol,

Visoling menga zavol.

Yorni ko‘rsa Guljamol,

Tamom bo‘lar deydilar.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 16-Aprelda yuklangan

53 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
ko'ngil ishq yuz yoshlik sevgi somon rang vasl
Muallif
Guljamol Asqarova

Guljamol Asqarova

Guljamol Asqarova 1978-yil 5-mart kuni Samarqand viloyati, Kattaqo’rg’on tumani, Beshdarg’at qishlog’ida tug’ilgan. O’zbekiston Milliy Universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, 2001 yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining adabiyot yo’nalishi sohibasi. "Dil fasli", "Ro’shnolik", "Bedor qo’ng’iroq","Baxt dastxati" nomli she’riy kitoblari nashr etilgan.

Batafsil


Yangi She'rlar Guljamol Asqarova She'rlari Guljamol Asqarova asarlari