Sahifa yuklanmoqda . . .
Xaloyiq ortingdan boqadi hayron:
Ko'ylaging uzunu plashing kalta,
Bir qo‘lingga tutib zangor soyabon.
Birida qappaygan odmi to‘rxalta —
O‘tib ketarkansan sen buyuk ayol:
Sen kimlar uchundir bir pokiza tush,
Sen kimlar uchundir armonli xayol...
Men-chi? Seni o‘ylab yashayman behush.
Maysalarning rangi uchdi yodimdan,
Unutdim hayotning qutlug‘ ismini.
Hayot o‘tib borar mening yonimdan,
Titroq qo‘llarimdan yulqib tizganin.
Sen ham o‘tajaksan... Ko‘chalarda mung,
Qalbimda qoladi g‘amgin navolar...
...Axir, sensiz qanday yashamoq mumkin?
Nafas olay desam, toshdir havolar.
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).