Sahifa yuklanmoqda . . .


Umrimni bir olis ishqqa almashdim...

Umrimni bir olis ishqqa almashdim.
Qochdim hushyorlikdan, tushga almashdim.
Beqanot, qalbimni qushga almashdim —

Sizsiz o‘tgan umrim bekor, yorijon!
Ne baxtkim, yuragim bemor, yorijon!

Ul ko‘zda qay kuni porladi ziyo,
Dunyodan kechgulik topdim bir dunyo.
Bu dunyo nimadur? Bu dunyo — ro‘yo —

Faqat pok ishqingiz haqdir, yorijon,
Qalbimga eng yuksak taxtdir, yorijon.

Garchi o‘rtamizda sog‘inchu hijron,
Garchi visol yo‘li vayrondir, vayron,
Ammo azobingiz ko‘ksimda har on —

Muqaddas olovday qoldi, yorijon,
Shukurkim, siz bilan yondim, yorijon,

Yashardim o‘zimga muz kabi boqib,
Ishq keldi, jo‘nadim, daryoday oqib,
Menga habib bo‘ldi hatto shum raqib —

Ko‘rib; — to‘lqin-to‘lqin qonim, yorijon,
Siz mening jonimsiz, jonim, yorijon.

Hech qachon demasman boshni yo‘qotdim,
Eridim, vujuddan toshni yo‘qotdim.
Yillarni yo‘qotdim — yoshni yo‘qotdim,

Mendan ayro tushdi yolg‘on, yorijon.
Shundanmi tillarim ravon, yorijon.

Nodon der "Sen borni yo‘qqa almashding,
Quyoshni bir g‘arib cho‘qqa almashding..."
Kulaman: "Xalqobni ko‘kka almashdim..."

Endi yurar yo‘lim falak, yorijon,
Qanotga aylandi yurak, yorijon!
Qanotga aylandi yurak, yorijon!


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 22-Aprelda yuklangan

199 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
umr ishq yor qalb baxt hijron visol azob
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari