Sahifa yuklanmoqda . . .


Uch dramatik ballada

UCH DRAMATIK BALLADA

1

* * *

Qorajon

Umr magar shamol erur —
O‘tib ketar, o‘tar-o,
"Huy" deguncha manziliga
Yetib qolar davronim.
Elbek baxshi, men uchun ham
Tovushingni ko‘tar-o —
Yolg‘onchida qoladimi
Mening ham nom-nishonim?

Elbek baxshi

Bandilikda chohga tushsang,
Chiqolmaysan, Qorajon —
Chunki sening peshonangda
Boychiborday oting yo‘q.
Bekligingda oq o‘tovni
Tikolmassan, Qorajon —
Chunki sening taqdiringda
Barchinoyday xotin yo‘q.
Lashkar tortib, suv ustiga
Yurolmaysan, Qorajon —
Chunki senga qismat dushman —
Omad yo‘qdir, burding yo‘q.
Boshingda toj — shohlik gashtin
Surolmaysan, Qorajon —
Chunki sening madadkoring —
Qo‘ng‘irotday yurting yo‘q.
"Do‘stim" deysan, "oh" urasan —
To‘lg‘onasan, Qorajon,
O, do‘stlikda sening kabi
Mohir yo‘qdir, sohir yo‘q.
Yo‘qlik ichra bir kun nochor
Uyg‘onasan, Qorajon —
Chunki sening elatingda —
Menday ulug‘ shoir yo‘q.


2

* * *

Muallif

O‘sding, odam, bog‘laringdan o‘sding
Shoning o‘sib dostonga yetdi.
O‘sding, odam, tog‘lardan o‘sding —
Boshing o‘sib osmonga yetdi.
Maqtovlarga beraver bardosh —
Odam, nega g‘amgin yuribsan?
Kimdir seni atadi "quyosh"—
Sen ko‘z yoshsiz yig‘lab turibsan?

Ulkan odam

Kecha-kunduz jim yolvoraman,
Madad ber, deb oyoqlarimga.
Axir, men ham o‘sib tolaman —
Yem bo‘lib yel tirnoqlariga.
Yiqitmagin, qodir xudoyim!—
Vujudimga to‘lgan zil samo.
Bo‘ladi-ku qiyomat qoyim,
Yurt ustiga tushsam shu asno.
Garchi boqdi menga bu dunyo,
Suhbat qurib yulduzlar bilan —
Yurt ustiga tushsam shu asno,
Ko‘tarishga kuch toparmikan?


3

* * *

Malika

Ko‘nglim senda, sendadir faqat,
Ammo kechgin mendan, botirim.
Or deganda — dushman beshafqat —
Pichoq qayrar qirq ming shotiri.

Oqbotir

Qirq ming yovning yonidan turib,
Suydim, deding — shu basdir menga.
Bir tig‘ ursam — otadi yulib —
Qirq ming shotir qirq xasdir menga.

Malika

Ko‘nglim senda, sendadir... Garchi
Xavotirim mo‘ldir, polvonim.
Zanjir yasar qirq ming temirchi —
Ket, zanjirband bo‘lmasdan, jonim.

Oqbotir

Ko‘ngling menda — yovning o‘lgani!
Nasib!—umidlari buzilgay...
Bir "oh" ursam sherday to‘lg‘onib —
Zanjirlari ipday uzilgay.

Malika

Ko‘nglim senda, ko‘nglim sendadir,
Ammo mendan kechgin, botirim.
Qirq gazli dor sollanar og‘ir,—
Go‘yo sevgimizning xotiri...

Oqbotir

Sen yonimda: qo‘rquvlar — tuman,
Tumanlarda quyoshim porlar.
Yov dastida tutgusi suman,
Kunpayakun bo‘lgusi dorlar.

Malika

Senda, senda, sendadir yurak,
Ammo dilni tark etmas xavos:
Botirim, ayt, qanaqa ko‘mak
Yovlaringdan aylaydi xalos?

Oqbotir

Sehrgardir qodir muhabbat!—
Adovatlar topgusi abas.
So‘ramayman senday marhamat...
Faqat ko‘ngling menda bo‘lsa bas.

 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 24-Mayda yuklangan

1230 marta ko'rildi

5 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
sevgi hayot o'lim g'am hijron yov malika botir do'st shoir
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari