Sahifa yuklanmoqda . . .


Turmush suratlari

1

Yigit paxsa urmoqda.
Ayol belkurakda loy uzatar.
— Tohir,— dedim.
Yigit qayrilmadi.
— Zuhra,— dedim.
Eshitmadi ayol.
— Sevgingiz haqida so‘zlab bering,— dedim.
Uzoq o‘yga toldilar...
— Hech narsa esimizga tushmadi,—
G‘amgin jilmaydilar, nihoyat.

2

Qabristonda mitti qabrlar.
Mitti marhumlar yotar ularda.
Ularni kattalar o‘ldirganlar.
Go‘daklarni aldaganlar —
Shirin-sharbat mevalarga
Zahru zaqqum qo‘shib...

Qabristonda mitti qabrlar.
Mitti marhumlar yotar ularda.
Kattalar qo‘rqmaydilar —
Chunki mitti qabrlarda
Faqat mitti suyakchalar yotar...
Mitti jigarlarni esa,
Yeb bitirgan och-ofat qurtlar.

3

— Mustaqillik kerakmasmi senga?—
So‘radim yozda ham bo‘yinbog‘ bog‘lagan odamdan.
— Aytishsa, —
osmonga ishora qildi u,—
mustaqil ham bo‘laveramiz.
— Qul bo‘lgin, deb aytishsa-chi?—
qizishdim men.
— Qul bo‘l deb aytishmaydi,—
po‘ng‘illadi u.
To‘g‘ri aytasan,
— qachon qul bo‘l, deb aytishgan,
saratonda bo‘yinboqqa qul bo‘lgan, birodar?

4

— Avval pulni bering,—
dedi Falonchioy.
Falonchiboy pul uzatdi qo‘li qaltirab...
..........................................................................
....................So‘ng divanga horg‘in cho‘kib,
xayol surdi Falonchiboy:
"Kichkinamga telpak olaman,
O‘rtanchamga botinka,
Ammo kattasiga palto olishga
Puli qurg‘ur yetmaydi endi..."
..........................................................................
..........................G‘ijimlangan o‘rinni tuzatarkan,
xayol surdi Falonchioy:
"Kichkinamga telpak olaman,
O‘rtanchamga botinka,
Ammo kattamga palto olishga
Puli qurg‘ur yana yetmaydi..."

Mutanosiblik qonuni,
Shu yerda ham bormisan, ablah?

5

Do‘konlar qup-quruq.
Peshtaxtalar tagi — osmon.
Masturaning qo‘li kalta —
Osmonga yetmaydi...
Masturadan boshqa hamma narsani
Osmonga chiqarding,
Yetmish ikki yil.
Yulduzlar o‘rnida, masalan, botinka
(bolalarniki),
Oy nurlari esa — yomg‘irpo‘sh
(kattalar uchun),
Quyosh — qoni sizgan go‘sht bo‘la qolsin
(bu albatta, butun oilaga)...
Ammo Masturaning qo‘li kalta —
Osmonga yetmaydi.
Bolalariga yetadi faqat...
Bolalarning bechora dumbalari...

6

— Aroq ichamiz.
Qo‘rqmang, yaxshi bolalar tug‘iladilar.
Kar bo‘lsa bolalar, yomonmi?
Ko‘r bo‘lsa bolalar, yomonmi?
Aqlsiz bo‘lsalar, yomonmi?—
qichqiradi to‘satdan Shomirza alkash.
So‘ngra ariq ichida
Befahmlar ustidan kulib,
uxlab qoldi u.

7

— Alpomish bo‘lsa edi,—
gapirinib qoldim men.
— Bizning azoblarga chiday olmasdan,
o‘lib ketar edi bechora Alpomish,
miyig‘ida kuldi yaktagi yamoq chol
— Sen o‘lmaganmisan?—
dedi kampiri unga.
O‘ziga hayron qaradi
Yaktagi yamoq chol.

8

Bir xonada o‘n bola uxlar.
Kir yostiqda tentiraydi bit.
Katagida bir o‘zi yotar —
Maza qilib mizg‘ir qari it.

Hatto Alloh falakdan aytar:
— Uyg‘on, inson!— bariga tupur!
Falakka-chi, bir sado qaytar:
— Shukur!
— Shukur!
Boriga shukur...

O‘t ichidan hayqirar:— O‘ldim!—
Oyday kelin etadi nido.
— Noshukur bo‘l!
— Noshukur bo‘lgin...
Samovatda yig‘laydi Xudo.

9

Ikki tolga bog‘langan belanchaklar tebranar.
Quyosh yondiryapti.
To‘rt tomon paxta.
Baxtigul — sinfdoshim — ketmonni qo‘yib,
men bilan suhbatlashgani yo‘l chetiga chiqar...
— Erkinim beshikda o‘ldi,— deydi,
— To‘lqinim to‘shimda o‘ldi,— deydi,
— Qo‘rqmasim beshikda o‘ldi,— deydi,
— O‘lmasim eshikda o‘ldi,— deydi...
— Faqat Yodgorim qoldi,—
ishora qildi u ikki tol tarafga.
Ikki tolga belanchak bog‘langan.
Qizdirayapti.
To‘rt tomon paxta.
Yodgor!
Nimadan yodgorligingni unutma, Yodgor...

10

— Xato qilibmiz.
Bu odam do‘zaxiy ekan.
Yiqitinglar jannatdagi hamma haykallarini,
qarsaklar!
— Xato qilibmiz,
Bu odam jannati ekan.
Yiqilgan hamma haykallarini qayta tiklanglar,
qarsaklar!
Bu ishlaring bekor —
Arosatda yuraversin edi bu odam.

11

— Pastlashib ketyapti bolalarning bo‘yi.
Yaqinda pakana xalqqa aylanamiz...
— Yerga yaqin bo‘lamiz,—
pinagini buzmadi
osmonga yaqin o‘tirgan zotlar.
— Osmon bizdan uzoqlashadi,—
qo‘rqa-pisa shivirladi kimdir...
Uni uzoqlashayotgan osmongina eshitdi, xolos.

12

— Haykal,— dedim,—
sen ko‘rsatgan tomonga borib keldim.
Hech narsa yo‘q.
Qo‘lingni tushiraver endi.
Qo‘lini tushirishdan uyalib,
jim turaverdi haykal...


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 24-Mayda yuklangan

906 marta ko'rildi

4 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
turmush surat tohir zuhra hayot dunyo o'lim sevgi qonun buyruq
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari