Sahifa yuklanmoqda . . .


Tun yarmida saraton ham...

Tun yarmida saraton ham Hokimligin tashladi. Ko‘ksi hamon yonib yotar Yalangdagi toshlarni. Pastda esa soy oqadi Yulduzlari yiltirab. Salqinida shabodalar Kezinishar diydirab. Toshlar nogoh jovdirashib Boqishar tevarakka. So‘ngra qator chiqishadi Yolg‘iz oyoq yo‘lakka. Lapanglashib, sudralishib, Pishnab borishar bari — Eng chidamli, eng armonli Dunyoning go‘daklari. Sekin-sekin borishadi Bir-birini sudrashib. Bir-biriga yo‘l berishib, Bir-birini suyashib. Sekin-sekin borishadi... Pastda esa oqar soy — Quchog‘ida cho‘miladi Titrab-titrab to‘lin oy. Toshlarning cho‘ng tanlarida Bir beuquv hayajon... Nogoh xo‘roz qichqiradi, Ko‘rinadi nogoh tong. Cho‘milyotgan yulduzlarin Samovat yig‘a boshlar. Shoshibgina, mustargina Ortga qaytishar toshlar. Yalanglikka cho‘zilishar Ular yana beozor. Chatnab ketgan tanlarida Hozir tushgan yoriq bor... Oroldan to O‘shga qadar Jazirama boshlandi... Ko‘kraklari qizib borar O‘zbekiston toshlarin.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 12-Mayda yuklangan

24 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
saraton tosh tun go'dak bola yulduz oy yalanglik
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari