Sahifa yuklanmoqda . . .


Tesha aka Saydaliev xotirasiga

Go‘yo hanuz tirikday
Siz, yana bolaligim...
To‘rtta havaskor bola
Termulamiz sizga jim.
Ko‘zoynakdan boqadi
Ko‘zlaringiz mehribon:
"Sizlar qanot yozsangiz —
Qo‘shiq bo‘ladi Surxon!
Hali mo‘rtsiz. Payt kelar
To‘lin oyday to‘lasiz.
Ishoninglar, hammangiz
Katta shoir bo‘lasiz".
Kunlar... Yillar o‘tdilar,
She’riyat — dilda bayroq,
Sevgi... sevgi ham keldi,
Qalbga kirdi bir titroq.
Kecha to‘pni she’r qilgan
Maktab talabalari
Kuylab ketishdi birdan
Sevgi g‘alabalarin.
Rangi bo‘zday muallimlar
Yoqasini ushlashar.
Oshiq shoirlar bo‘lsa,
Muhabbat deb mushtlashar.
Direktor xonasida
Tik turgach ikki-uch bor,
Sizga xatlar yozamiz,
To‘lib-toshib isyonkor:
"Nega? Ayting-chi, nega?
Sevishimiz chindan, rost!
O‘qing she’rlarimizni,
Unda haqiqat, xolos".
Bizning sodda gaplarga
Ichingizdan kulasiz:
"Yozavering... Yozinglar,
Katta shoir bo‘lasiz!"
Keyin shahar... Dabdaba...
Yurak ham lol, til ham lol.
Biz baribir yozamiz
G‘ijinishib telbahol.
Tunov tog‘larga boqib,
Qalbda uyg‘ongan hayrat,
Qo‘shqavat binolarning
Qarshisida lol, karaxt.
"Katta shoir bo‘lasiz!"—
Bu dalda, aziz kalom,
Tayanch bo‘ldi dilimizga,
Ba’zan yagona ilhom.
...Keyin... keyin yig‘ladik
Yig‘ilishib to‘rtovlon,
Sizni tashlab ketgandi
Hayot otlig‘ bu karvon.
Daryolarda qayiqday,
Oqib ketdi bir shoir,
Olamga to‘ymay, to‘ymay,
Boqib ketdi bir shoir.
...Ko‘chalarda kezaman
Dilda tuyg‘ular mayda,
Avvalgiday she’rni deb,
Jangga kirmoqlik qayda?
Tortinaman bahslardan,
Hayqirish bo‘lgan abas.
Chunki yaxshi bilaman,
Hamma ham sizdek emas...
...Agar shoir bo‘lmasam,
(Bu balki bir bahona)
Bariga yolg‘iz sabab,
Yo‘qligingiz dunyoda.
Mehribon boqishingiz,
Bo‘lganimda bag‘ri xun...
"Katta shoir bo‘lasan!.."
Yetishmaydi men uchun.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 20-Aprelda yuklangan

30 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
shahar qishloq bola shoir she'r sevgi tog' bino
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari