Sahifa yuklanmoqda . . .


Tazarru bog'lari

MUQADDIMA

1

* * *

Otashin taxtidan qular saraton,
Samoda titranar hazin tiniqlik.
Qaydandir adashib qaytadi armon —
Ruhingga kiradi mubham siniqlik.
Yetmoq og‘irlashar — yuraging teran,
Unga cho‘kib ketar zirqirab jisming.
Gaplasha boshlaysan samovat bilan —
Tilingga keladi og‘ir so‘z: "Bismil..."
O‘, umr!. Yo‘qlikning bizga sovg‘asi,
Behudud hechlikdan — sadaqa, tortiq —
Mitti saodatning buyuk savdosi —
Muvaqqat yulduzlik o‘rtagay ortiq.
Tungi salqinlarning namxush bag‘rida
Tug‘ila boshlarkan ming tugun savol,
Ko‘ngil yaqinlashib kelar tangriga,
Fojea tuyulmas oqibat — zavol.
Qara, qanday oqar Vaqtning daryosi:
Sohili cheksizu maromi sokin.
Unda o‘tib ketgan tunlar siyosi,
Unda men yetmagan kunduzgi yolqin.
Singan qayiq kabi turibdi g‘amgin,
Balchiqqa ko‘milib horg‘in sumbati,
Vaqtning maromini buzgan yuragim —
Sanoqli kunimning sonsiz g‘urbati.
Ha, hayot o‘zining po‘lat domida —
Bostirib kelmagay falokat tuyqus.
Zavolat jimgina qo‘nar yonimga
Bog‘larga ohista tushgan kabi qush.
Xudoyim! Tamoman uyqudan uyg‘ot —
Bedor onlaringning bo‘lay marhami...
Tunlar zavol bilan quraman suhbat
Xuddi hayot bilan gaplashgan kabi.


2

* * *

Insoniyat senda aks etar
Qaytarilmish ruhingda olam.
Vujudingdan tumanni ko‘tar,
Tanib olgin o‘zingni, Odam.

Sendan ja’mi yo‘llar o‘tgandir,
Hamma tugun joningga chalkash.
Tangriga ham bir nur ketgandir —
Ko‘ngil kabi nozik, telbavash.

Titranmagin — ichingga tushgin,
(Teranliging — buncha vahima)
Bir tola nur izidan uchgin —
Teranlikdan kelgan Vahiga.

Sen yetarsan ko‘ngil tubiga,
Unda poklik ziyo taratar.
Ul poklikning har zarrasida
Tazarrular seni yaratar.

O‘zni tanish fursati — uzoq,
Qanday qiyin yonadi gunoh...
Sen o‘zingni taniganing chog‘,
Jamolini ko‘rsatar Alloh...

 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 24-Mayda yuklangan

598 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
tazarru tavba bog' Alloh o'zlik olov dunyo hayot
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari