Sahifa yuklanmoqda . . .


Sobir Yadikovga

Derazaning pardasin surib,
Tongda boqdim ufqqa bekor...
Men bilmabman beparvo yurib,
Tog‘ boshiga qor tushibdi, qor.

Derazadan tog‘larga qadar,
Uzunligi hayotimcha yo‘l.
Bir daraning ustida kaptar
Charx uradi — qanotlari ho‘l.

Yaraqlaydi qishli, quyoshli,
Nur va qorga belangan olam —
Unda meni jim sog‘inadi
Ko‘z yoshlari tugagan onam.

Derazadan beri — to‘rt devor,
To‘rtovi ham dono, faylasuf:
"Kurashaver! Faqat olg‘a bor!.."
Ular menga ta’lim berar... Uf!

"To‘g‘ri" deyman... Ammo bir larza
Qalbda portlar — ko‘zdan oqar yosh...
Yuragimda sog‘inch har lahza —
Ulkanlashib borguchi quyosh.

… Xayr, tog‘lar! Ish vaqti yetdi,
Ish!.. Bormasam to‘xtaydi zamon.
Bag‘ringizda ko‘rimsiz, mitti
Tepa bo‘lib qolaman qachon?


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 24-Aprelda yuklangan

25 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
dunyo hayot o'lim umr deraza tog' ufq ona
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari