Sahifa yuklanmoqda . . .


Sirk. Muallaqchi ayol

Yaxshilab qarab ol, bu bino — qafas.
Men — qushman. Vujudim shift sari o‘rlar.
Odamlar entikib oladi nafas,
Asabiy titranar projektorlar.

Sen bugun shu yerda — men ko‘rayapman.
Havoda muallaq uchadi tanim.
Yuksakka tikilgan ko‘zlar ichidan
Men sening ko‘zingni olaman tanib.

Orkestr jim bo‘lar. Faqat nog‘ora
Falokat onidan berganday xabar,
Zarblarin sochadi sukut oralab...
Qatorlar yuzida qo‘rquv taralar.

Men beg‘am yashadim. Uchdim men beg‘am,
Endi beg‘am uchmoq menga dargumon.
Xatarli o‘yinga ishqiboz erkam,
Yerda yurgim kelar sen-la yonma-yon.

Bir dam qolib bo‘lmas xayollar bilan!..
Tanimga sanchilar nurning tig‘lari.
Ismingni bilmayman, notanish erkam,
Faqat shift tagida sen deb yig‘ladim.

Yaxshilab qarab ko‘r: bu bino — qafas,
Yillar parvoz qildim qafas aylanib.
Sen bugun shu yerda. Sen shu yerda, bas!—
Ozodman!— ko‘zingga qoldim boylanib.

Sho‘rlik nog‘orachi! Qo‘llari toldi...
Qarab tur, sen uchun o‘yin boshladim,
Libosim shu’lalar qo‘ynida yondi...
Ehtiyot kamarin yechib tashladim!

"Men seni sevaman... Seni sevaman..." —
Bu so‘zlar duoday labimdan uchdi...
Nega sho‘rlik boshim aylandi birdan —
Kimning yelkasini qo‘llaring quchdi?

Nog‘orachi, chalgin! Bo‘zlab qo‘shil, nay!
Skripka, yangra men uchun yonib!—
Topib yo‘qotganim baxt uchun uchay...
Yelkadan qo‘lingni olsang-chi, jonim!

Men senga aytdim-ku: bu bino — qafas,
Qo‘llarimni baland ko‘targin, kiftim!
O‘zimni balandga otaman besas...
Yorilib ketadi binoning shifti!

Meni olib uchar lahzalik baxtim,
Falakka boqaman — xayolday ko‘m-ko‘k.
Qanotim sezmoqda quyoshning taftin,
Endi bu qafasga hech qaytmayman... Yo‘q!

To‘zg‘in sochlarimda shamol shovullar,
Ko‘zimda aks etar yulduzlar — milyon.
Faqat yurak-bag‘rim tutab lovullar,
Uyingga nigohim tushsa nogahon.

Vujudim ketadi birdan uvushib,
Qo‘llarim silkinmas, toliqar kiftim...
Tomingga qo‘naman har kun qunishib —
Qachon yoriladi uyingning shifti?


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 24-Aprelda yuklangan

35 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
sirk ayol sevgi yelka projektor shift odamlar kamar
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari