Sahifa yuklanmoqda . . .


Sirk. Ilon o'ynatuvchi ayol

Senga ham aytmayman, sen ham eshitma,
Nimaga, qay kuni, kim uchun kuldim?
Kuzgi xayol kabi turma eshikda,
Men, axir, senimas — ilonni suydim.

Sog‘ingan oshiqday menga tashlanib,
Vujudin o‘rarkan oppoq belimga,
Bilmam, qay xotirdan ko‘zim yoshlanib,
Sovuq basharasin bosdim betimga.

Derazadan tushgan oy tasmasidan
Bekor titranmadi tomirda qonim.
Bezovta bo‘lgancha qalbim sasidan,
O‘yladim, keldimi sodiq ilonim.

Bu ilon hech kimga meni alishmas,
Sevaru ishora qilmas ta’maga.
Unga borligimning o‘zi muqaddas,
Meni tashlab ketmas bir kun hammaga.

Yolg‘izlik — hammaga qolmoqlik asli,
Meni kuydirgan ham hammaga qolsin!
Bir g‘amxo‘r yolg‘izi bermasin taskin,
Sevgi so‘rab oxir ilonga borsin...

Ilon! Tanholigim hamdami ilon
Kulcha bo‘lib yotar oyoqlarimda,
Ey, sen tashqarida "uf" tortgan inson
Yarim tun termulma chiroqlarimga.

Tillaring biyrondir, tiling — savolkor,
Javob topolmasman — dillarim xira.
Mening qalbimda ham, ishon, sevgi bor,
Agar ishonmasang, ilondan so‘ra...

Bilmam, qay xotirdan ko‘zim yoshlanar,
Sovuq bir nafasning hovri betimda.
Xudoyim, qanaqa kunlar boshlanar...
Chirmashar ilondek qo‘llar belimga.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 18-Mayda yuklangan

76 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
sirk ilon sevgi yolg'izlik xayol sog'inch oshiq ta'ma
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari