Sahifa yuklanmoqda . . .


Shayx Iroqiy haqida hikoyat

(Shayxi Iroqiy Shomda husn gulining sham'ini ko‘rgach, parvonadek tutagani va (bu ishq) shu'lasi inkor tikanlarini kuydirib, inkor etuvchilar boshidan oshib ketgani)

          Fano ko‘yida boqiy turgan odam zamon faxri - Shayxi Iroqiy edi. Uning ko‘ngli ishq sirlarining xazinasi bo‘lib, uning gaplari ishqning (yomg‘ir o‘rniga) gavhar yog‘diradigan bulutlarni eslatardi. Uning tabiati ishq o‘ti bilan yo‘g‘rilgan, «ishq» so‘zining harflari esa uning peshonasiga yozib qo‘yilgandek edi. Lekin bu ishq o‘tining da’vosi unda bo‘lsa ham, (kishilar ko‘ziga) taqvo pardasi bilan yopib yurardi. Bir necha vaqt u Misrni o‘ziga makon qildi.

U (kunlarning birida) ertalab o‘rnidan turib, Shomga yo‘l oldi. Bu vaqtda Shomda bir odam taxtni egallab, hokim bo‘lib turar ekan, u tun mamlakatida to‘lin oydek edi. Hokim Shayxning bu tomonga kelayotganining (ma'nosini) tushundi va buni o‘z ahvoli, mavqeyi uchun sharaf deb bildi. U mamlakatdagi yaxshi-yu yomon – hamma shayxning kelayotganini eshitgan zamon uni qarshilash uchun chiqsin! - deb buyruq berdi. O‘zi ham mamlakat hokimi soyaboni sifatida chiqar ekan, qo‘shinining oyog‘idan ko‘tarilgan chang osmonni to‘sib qo‘ygandek bo‘ldi.

U to‘da Shayxga yaqinlasha boshlar ekan, barchalari otlaridan tushishdi. Odamlar Shayx kelayotgan yo‘lga boshlarini qo‘yar ekanlar, ko‘z yoshlari bilan ko‘tarilgan changni yopmoqchi bo‘lgan edilar. Hokimning bir o‘g‘li ham bo‘lib, u shunday chiroyli ediki, unga yuzta Misr shohlari qul bo‘lib xizmat qilishga tayyor edi. U lutf-u malohatda jahon ofati, jahon ofati ham emas – jon ofati edi. U Shom mamlakati qorong‘ilikda qolganda uni yoritib turuvchi nurli Oy bo‘lib, Misr xalqi (Yaqub) payg‘ambarning (o‘g‘li) – Yusufdek edi. Arab mamlakatlari ichida ajoyibning ajoyibi bo‘lib, unga ajam ham, arab ham shaydo edi. Misr diyori uchun misli qo‘g‘irchoq bo‘lsa, Shomda qorong‘ilikda qolganlarga obi hayotdek edi. U go‘zal Shayx ko‘ziga ko‘rinishi bilan yuzini uning oyog‘iga qo‘yib, oh cheka boshladi. Irshodlik xirqasini chok-chok etib, duo tasbehini uzib tashladi. Shoh va uning qo‘shinlari Shayxga tuproqdek bo‘lib, u esa shoh o‘g‘li yo‘lidagi tuproqdek edi. Ishqda Shayx shunday bir holga tushgan ediki, hayratdan kelgan odamlarning hammasi lol edi. Ammo bu ishq har qanday nuqsondan pok bo‘lib, u nima qilsa, ajablanadigan yeri yo‘q edi. Shayxni ishq o‘ti halok qilar ekan, uning shu'lasi o‘sha to‘dani o‘rtantirib yubordi. O‘ti boshqa ko‘ngullarga xabar bergan bo‘lsa, ohi bag‘irlarga ta'sir ko‘rsatdi. Titrashidan, o‘rtanishidan uning pokligi Quyosh singari fosh bo‘ldi. Hokimning ichidan o‘t alanga ko‘rsatib, o‘zi va uning o‘g‘li Shayxga murid bo‘ldilar.

Kim ishqda bu xilda pok bo‘lsa, bu sifat oqibatda xosiyatli bo‘ladi. Haqiqiy husnni agar  ro‘parangda ko‘rsang, xoh uni ko‘zguda ko‘r, xoh suvda - maqsad uni ko‘rish bo‘lganidan keyin ko‘zgu va suvda vujud yo‘q-ku! Bunda odam qayerda-yu hayosizlik qayerda? Ishqda poklikdan boshqasi mumkin emas.

Ey Navoiy, agar ishq seni halok etsa, agar bu ishq pok bo‘lsa, o‘limdan nega qo‘rqish kerak? Soqiy, men o‘libmen, sen menga jon suvini tut. U shunday sof va pok, xuddi tiriklik suvidek bo‘lsin, toki men uni yoqam va ko‘ksimni chok qilib, qancha bo‘lsa, pokligicha to‘latib ichay!


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 20-Noyabrda yuklangan

100 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Alisher Navoiy

Alisher Navoiy

(1441-1501) Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho’qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik «ko’p va xo’b» (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyingi salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko’p va yaxshi yozolgani yo’q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o’zini «Xitodin to Xuroson»gacha yoyilgan turkiy «qavm»larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi -«yakqalam» qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod etdi.

Batafsil


Yangi Hikoyatlar Alisher Navoiy Hikoyatlari Alisher Navoiy asarlari