Sahifa yuklanmoqda . . .


Shayx Boyazid Bistomiy haqida hikoyat

(Bilimdonlarning sultonini g‘amgin holda ko‘rib, muridda savol tili ochilgani va qoniqarli javoblarni eshitib, anduhlik ko‘nglini bo‘shatgani)

 

(Kunlarning birida) Boyazid xafa holda o‘ltirgan edi, buni ko‘rib bir muridi uning xafachiligining sababini so‘radi. - «Ey (doim) osmoni falakning ustida yurgan, Arsh fazosiga ham qadami yetgan ustoz! Ko‘ngling qanday bir ishdan bu qadar ezilmoqda? Bunday qiynalishingga nima sabab bo‘ldi?» Pir ko‘zidan yosh to‘kib, hatto o‘tli bir oh tortib, dedi: «Bu shunday g‘amki, meni ado qildi. Bu g‘ala-g‘ovur bilan to‘la dunyoda odamlar ko‘p-u, ammo hech kim yo‘qdek. Har kishining ko‘ziga o‘zining ishi yaxshi ko‘rinib, boshqa bir odamni yo‘qlagan haqiqiy bir inson yo‘q! Bu atrofda bunday kishi borligini aniq bilmayman. Bo‘lsa ham, dunyodan o‘tib ketgan kishilar orasida bo‘lishi mumkin. Bu javobdan savol bergan iztirob chekib, yana dedi: «Ey Quyoshdek olijanob zot! El orasida bunday odam yo‘q deyar ekansan, o’shanday (buyuk) kishilar doirasiga o‘zing mansub emasmisan?» Shayx javob berdi: «Ey (doimiy) ishi gumrohlik bo‘lgan, (bo‘layotgan) ishlarning sirlaridan ham ogohligi bo‘lmagan inson! Men o‘zim ham o‘zimga o‘xshagan yuz ming sarsonsargashta yurgan, ko‘zining yoshlari bag‘rining qoni bilan qorishib ketganlardanmen. (Agar bu dunyodan) kimki imon bilan ketmasa, bilgilki, bundaylarni odam deyish mumkin emas. Olamda qanchadan-qancha katta va kichik menga o‘xshagan, senga o‘xshagan har xil odamlar bo‘lib, hammamiz shunday tashvish tig‘idan jarohatda, barchamiz shunday motamga giriftormiz. Kimning ichi bunday g‘ussadan qon bo‘lmagan? Bu gapning ma’nosi kimga ayon emas? Biron kishi joni bilan vidolashar ekan, uning imoni bo‘lmasa, demak, uning (u dunyoga o‘zi bilan ketadigan) hamrohi ham yo‘q. Qachonki jahon ahlining barchasida ahvol shunday ekan - buyog‘ida savolga o‘rin yo‘q». Savol bergan murid bunday durga o‘xshash ma’noli gaplarni qulog‘i bilan eshitar ekan, og‘zi sadaf og‘zidek xomush boiganicha qoldi.

Yo Allohim, narigi dunyoga olib boriladigan tuhfa (imon)ni Navoiy bilan hamroh qilgaysen va shu kifoya. Uning imonini xizmatingga mahkam qilib, va’dasini imonidek qil! Soqiy, o‘lmoqdaman, imon mayini keltir! Vujudimga imon mayidan jon bag‘ishla! Sen bugun jomimga davron mayini quyma! Uning o‘rniga jonimni ol-u, og‘zimga imon mayini quy!


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 19-Noyabrda yuklangan

218 marta ko'rildi

2 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Alisher Navoiy

Alisher Navoiy

(1441-1501) Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho’qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik «ko’p va xo’b» (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyingi salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko’p va yaxshi yozolgani yo’q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o’zini «Xitodin to Xuroson»gacha yoyilgan turkiy «qavm»larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi -«yakqalam» qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod etdi.

Batafsil


Yangi Hikoyatlar Alisher Navoiy Hikoyatlari Alisher Navoiy asarlari