Sahifa yuklanmoqda . . .


Sevgi haqida umidbaxsh ballada

Quyosh botib ketdi. Tug‘ilmoqda tun,
Hali o‘pilmagan — ma’sum, bokira.
Ko‘chada yuribman men nima uchun?
Men, axir, o‘lganman, men bir xotira!

Menga nima kerak zaminda? Axir,
Menga nima kerak tashvishli olam!
Meni sudrab borar musiqa — g‘ovur,
Meni quchog‘iga olar restoran.

O‘lgan odamlarga senmisan tirgak,
Yaqin kel, ulfatim, oqbadan shisha.
Meni tashlab ketdi o‘tmish, kelajak,
Mendan ayro tushdi vijdon, andisha.

Ko‘m-ko‘k tutun ichra suzib yurar zal,
Oyning yog‘dusiday kuy oqar hazin.
...Xuddi xayol kabi sollanib go‘zal,
Raqs maydonida uchib yurgan kim?

Nogoh paydo bo‘lar ko‘ksimda yurak!
Tanimdan ko‘rinmas kafanni yulib,
U qizdan bir qatra hayotmi so‘rab,
Uning qarshisiga boraman yurib...

— Kechiring, yuzimga tikilib boqmang,
Men asli o‘lganman, ko‘zlarim chirik...
Qiz raqsga tushadi, kuladi sho‘x—sha’n:
— Ko‘rib turibman-ku, siz tirik...Tirik!

Qo‘llarim qanotga aylanar go‘yo,
Samoda to‘zg‘iydi biz qoldirgan iz.
Panohim, uchyapmiz yulduzlar aro,
Yulduzlar ichida eng go‘zali — siz!

Menga hadya etib jonimni takror,
Qiz jo‘nar uyiga — quvonchdan yashnab...
Men ko‘cha kezaman. Yog‘a boshlar qor,
Oppoq qo‘lchalarni yelkamga tashlab.

Do‘stlarim oromin buzar telefon,
Uyqusirab bari g‘o‘ldiraydi: "Kim?"
Birov telefonga qichqirar shodon:
— Tabriklab qo‘yinglar, do‘stlar, tirildim"!

Mening kindik qonim to‘kilgan yurtda,
Telegrafchi qiz aqldan ozdi.
Manov telba bo‘lib qolgan apparat
"Ona, men tirildim" degan xat yozdi.

Mening atrofimda bo‘lsa oppoq qor,
Mening atrofimda tuyg‘ular, o‘ylar.
Sokin shivirlaydi: "Nima gaping bor?"—
Qadamim tovshidan uyg‘ongan uylar.

Bilaman, bir uyda — oppoq to‘shakda
Nurday pok vujudin choyshabga ko‘mib,
Bir juvon uxlaydi xudoday yakka,
Balki men haqimda oydin tush ko‘rib.

Bizning o‘rtamizda balki yillar bor...
Uning orzulari qolganda qurib,
Men olib boraman qalbimda bahor,
Sekin shivirlayman: “Keldim. Men tirik!...”


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 23-Aprelda yuklangan

63 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
sevgi o'lim tirilish hayot dunyo ona do'st tun
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari