Sahifa yuklanmoqda . . .


Sen yo‘q eding...

Sen yo‘q eding. Besarhad fazo,
Olti qit’a, to‘rt bahri ulkan
O‘rtasida yashadim tanho
Mushtday mo‘jaz yuragim bilan.

Hayajonu zavqdan begona,
Tinch daryoday jim oqdi umrim.
U zamonlar sen bir afsona,
U payt hali yo‘q eding, qumrim.

Vahimali, cheki yo‘q olam,
Bag‘rida har sharpadan cho‘chib
Yashadim men — eng mitti odam,
Goh miltirab, gohida o‘chib.

So‘ng sen kelding sevib, o‘rtanib,
Panohimga, mehrimga mushtoq.
Yoningdaman, qo‘rqma, sevgilim,
Men naqadar qudratliman, boq!

Sehrgarman, ko‘k shevasida
Yulduzlar-la so‘ylay olaman.
Mast erurman ishq kemasida,
To‘fonlarda o‘ynay olaman.

Men saxiyman — kim istasa baxt
Ko‘ksin nurga to‘ldiradurman.
Oyni ko‘kdan uzib olib dast
Peshonangga qo‘ndiradurman.

...Gulim, sovuq boqma, qo‘rqaman,
Qo‘rqaman boz bo‘ladi paydo —
Olti qit’a, to‘rt bahri ulkan,
Huvillagan dahshatli fazo...


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 22-Aprelda yuklangan

53 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
sevgi muhabbat yolg'izlik yurak dunyo osmon yulduz umr
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari