Sahifa yuklanmoqda . . .
Sen hali yoshliging bilan ovvora...
Men ko‘zni yumdimmi, keladi bosib
Ham shonli, ham besha’n, hamda bechora
Xotira yukining og‘ir karvoni.
Sen hali so‘ylaysan hammaga biyron...
Men ersam, nochorlik ichida to‘zib,
Yolg‘on kuylaganman qachondir, bir on —
So‘ng uzib tashladim tilimni o‘zim.
Hali tushlaringda uchasan yuksak...
Men qancha qanotday qoqmay qo‘limni,
Yo‘qolgan osmondan topmasman darak,
Ko‘raman tubanlab ketgan yo‘limni.
Do‘stu dushmanlaring senga-ku aniq...
Men-chi, olomonga tikilaman jim,
Bilmasman ag‘yoru yorimni tanib,
Menga ham do‘stim deb boqmagay hech kim.
Sen hali har lahza kulishga tayyor...
Mening ko‘zlarimda muzlagan og‘riq,
Erisa — bir mavji o‘zbaki diyor,
Oqsa — bir sohili vijdonga bog‘liq.
...Rostu yolg‘on aro tentirab yurib,
Quvondim, yig‘ladim, junjikdim, qotdim...
Sening ko‘zlarigga termulib turib,
O‘zimni fosh qilish baxtini topdim.
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).