Sahifa yuklanmoqda . . .
Saratonning samovatida
Qovjiragan bir parcha abr,
Dunyo — quyosh otashgohida —
Vujudini yoqar besabr...
Yongan edim saratonsiz ham!—
Battar kuydim, kul bo‘ldim battar.
Naq ko‘ksimni mo‘ljallab bu dam
Quyosh olov nayzalar otar.
O, naqadar holsizman! Yorab!
Taqir kabi yurak yorildi.
Dil! Olovni ketgin oralab,
Olov ichra ruhga bor endi.
Uchrashinglar oydin makonda,
Bahor kabi yashanglar kulib...
Hozircha men yozgi osmonda
Qovjiragan bir parcha bulut.
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).