Sahifa yuklanmoqda . . .
Sahro — cheksiz jondor — meni yutadi,
Yutadi to‘rt taraf — to‘rt tubsiz ummon.
Tunday fojiamni tunlar kutadi...
Xavotir horitdi. Men qurdim qo‘rg‘on.
Uning devorlari naqadar baland!
Tirmashib yarmiga arang chiqar oy.
Qilichlar sinadi. O‘q beradi pand.
Bekorga chiranib titranadi yoy.
Qo‘rg‘on! O‘zim — qo‘rg‘on, hey baland qo‘rg‘on!
Sobit devorlaring nechun tolmaydi?
Dushman kirolmaydi senga hech qachon,
Ammo do‘stlarim ham kira olmaydi.
Erkin yasholmadim yorug‘ dunyoda...
Tegramda, oh, qancha qo‘rg‘onlar bordir.
Faqat bir hikmatni bildim ziyoda —
Kurash mudom kengdir, sokinlik tordir.
Falokat, kirib kel qo‘rg‘onlarimga
Temir darvozani yo‘ldan ozdirib...
Ko‘ksimning yuraksiz tomonlaridan
Sahro — cheksiz jondor kelar bostirib.
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).