Sahifa yuklanmoqda . . .
Bir kuni qushlarning majlisi bo‘ldi,
Jamiki parranda to‘p bo‘lib keldi.
Bilasiz, yig‘ilmoq ko‘p eski odat,
Undan ham eskidir rag‘bat, mukofot.
Bir ichki umid-la yonardi qushlar,
Ustma-ust chekardi asabi bo‘shlar.
Oqqush ham boqardi kutgandek shafqat,
To‘tining ko‘zlari yonardi faqat.
Chunki u sovrinni olgandi bir bor
Va yana olmoqni istardi takror.
Bir chetda jimgina Sassiqpopishak
Betinim shimardi qurtlagan turshak.
Nihoyat hamma jam bo‘lgandan keyin,
Bo‘zto‘rg‘ay ovozi taraldi mayin.
Avvalo saylandi majlis hay’ati,
Xonani to‘ldirdi Burgut haybati.
Eng to‘rdan joy oldi Boyo‘g‘li, Qarg‘a,
To‘ti ham hay’atga ilindi zo‘rg‘a.
Tustovuq joy tegmay chug‘urlab qoldi,
Mayna ham dardini ichiga soldi.
Chumchuqlar bir ikki “chirq-chirq” etdilar
Va so‘ngra negadir jimib ketdilar.
Zag‘izg‘on qanotin qoqarkan aytdi:
– Yetdi-ku, majlisni boshlamoq payti!..
Majlisga Bo‘zto‘rg‘ay raislik qildi,
U bir oz Sa’vaning ustidan kuldi.
– Eng yaxshi ijodkor Bulbul ham, mana,
Majlisga kayf bo‘lib kelibdi yana!
Erkatoy Chittakning xulqi ko‘p yomon,
A’zolik badalin to‘lamas hamon!
Bir yilki, ko‘rinmas Bedana – qochoq,
Oqqushning nazmi ham g‘amgin va pachoq.
Qaldirg‘och oy sayin so‘raydi yordam,
Boshqa payt bu yerga bosmaydi qadam.
Tushunib bo‘lmaydi Laylak domlaga,
Hamisha tayyorlar qo‘pol hamlaga.
Asabi chatoqmi, ishqilib u kun,
Xonamda kun bo‘yi yutdilar tutun.
Xullaski, do‘stlarim, yaxshimas ishlar,
Go‘ng titib yuribdi ba’zi bir qushlar!..
Talantlar ro‘yxati o‘qildi so‘ngra,
Alamdan Musicha yig‘ladi ho‘ngrab.
Bu gapdan qushlarning boshi aylandi,
Hay’at ham jim qolib uzoq o‘ylandi.
Oxiri qildilar shunday bir qaror:
Mukofot To‘tiga berildi takror…
1976
Amirqul Po‘lkan kamtar, kamso‘z, lekin ishonchli do‘stlari davrasida dilkash, tafakkuri teran shoir edi. U bilan do‘stona munosabatlarimiz bor edi. U „Sharq Yulduzi“ining she’riyat bo‘limida, men esa yozuvchilar uyushmasida she’riyat bo‘yicha adabiy maslahatchi bo‘lib ishlardim. Uning she’rlari quyma shaklda, misralari me’yoriga etkazilgan bo‘lar, quruq maqtovni yoqtirmas, tez qizarib ketguvchi edi (Shoir Yodgor Obid xotiralaridan).