Sahifa yuklanmoqda . . .


Qizim yomon - siz yaxshi

Kuyov bolam, o'z bolam,

Mani qorako'z bolam,

Dilimda bir so'z, bolam,

Qizim yomon -  siz yaxshi.

 

Erka bolam, arslonim,

Oyim turgan osmonim,

Qo'lingizdadur jonim,

Qizim yomon - siz yaxshi.

 

Yigit bormi sizday mard?

Yuragi toza begard,

Ikki dunyo ko'rmang dard,

Qizim yomon - siz yaxshi.

 

Biz temir, siz tillosiz,

Biz omi, siz mullosiz,

Biz nodon, siz donosiz,

Qizim yomon - siz yaxshi.

 

Qizimning o'zi ahmoq,

Yurardi sizni maqtab,

Bir kepti-da arazlab,

Qizim yomon - siz yaxshi.

 

Tiriklik deb yursangiz,

Uy-joyim deb tursangiz,

Nima qipti ursangiz?

Qizim yomon - siz yaxshi.

 

Ro'zg'or xurjun bo'ladi,

Goh kamib, goh to'ladi,

Xotin degan ko'nadi,

Qizim yomon - siz yaxshi.

 

Bolam, sizda ixtiyor,

Bo'lmaylik ozor-bezor,

O'rtada bolalar bor,

Qizim yomon - siz yaxshi.

 

Ko'p yashang, yuzga yeting,

Qiz tushgurni afv eting,

Aldab-suldab opketing,

Qizim yomon - siz yaxshi.

 

Ko'chada yotsangiz ham,

Mast bo'lib qotsangiz ham,

Choynakni otsangiz ham,

Qizim yomon - siz yaxshi.

 

Bo'lsangiz ham mayda gap,

Yursangiz ham o'ng-u chap,

Man hamisha siz taraf,

Qizim yomon - siz yaxshi.

 

Sog'ligida sizniki,

O'g'liniki-qizniki,

Kasal bo'lsa, bizniki,

Qizim yomon - siz yaxshi.

 

Taqsirimsiz, xo'jamsiz,

Qimmatbaho o'ljamsiz,

O'zim ochgan jo'jamsiz,

Qizim yomon - siz yaxhsi.

 

Marhaboxon, uqqanim,

Go'ngga g'uncha suqqanim,

Gunohim qiz tuqqanim,

Qizim yomon - siz yaxshi.


Online dars - zoom, google meet orqali


Yangi She'rlar Marhabo Karimova She'rlari Marhabo Karimova asarlari