Sahifa yuklanmoqda . . .


Qizg‘aldoqlar gulxaniga...

Qizg‘aldoqlar gulxaniga
Isingani ketdim men...
Gulxanning eng ulkaniga
O‘lmay turib yetdim men.
Bu olovda erib oqdi,
Yonib oqdi muz jismim.
G‘amlarimni bahor yoqdi,
Yuragim tilsim-tilsim!
Alvon dashtda mavjli-mavjli
Shamol kabi yugurdim.
Ketdi dilning sovuq ranji —
Maysalarga yuz urdim.
Va tanidim barchasini:
Mingdevona, gunafsha...
Mittigina bargchasida
Shabnam tutdi binafsha.
Chumolilar bilan kezdim
Qiyoqlar orasida —
Bir sokinlik tushdi — sezdim
Ko‘zimning qorasiga.
Meni quchdi ishqning armon
Quchog‘iday tiniqlik.
Vujudimga kirdi maston
Oshkora bir tiriklik...
Gulxanning eng ulkaniga
O‘lmay turib yetdim men.
Hech bo‘lmasa, uch kungina
O‘zimni bor etdim men...

 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 24-Mayda yuklangan

906 marta ko'rildi

2 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
qizg'aldoq gulxan o'lim olov muz jism g'am yurak
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari