Sahifa yuklanmoqda . . .


Qishki ertak

Tog‘-dalada mast kezar chilla,
Tunlar ayoz shunaqa zo‘rki...
Izg‘irinli, sovuq tong palla
Tushib qoldi qopqonga bo‘ri.

Tumshug‘ini cho‘zib osmonga,
G‘azab bilan uvladi bir dam.
So‘ngra hamla qildi qopqonga,
Qopqon bo‘lsa bardoshli, mahkam.

Ko‘p urindi... oxir bemador
Oppoq qorga cho‘zildi, mana.
O‘lim oldi bandi jonivor,
Nimalarni o‘ylar ekan-a?

Ko‘z oldiga balki kelgandir
Dalalarni ozod kezgani.
Poyoni yo‘q tog‘lar-u adir
O‘zimniki deya sezgani.

Balki tongni ota boshladi...
Kuz oldidan o‘ta boshladi...
...U qopqonga tushgan oyog‘in
G‘ajib-g‘ajib uzib tashladi!

Oppoq qorga qonlar oqizib,
Oqsoqlanib jo‘nab ketgan dam,
Bulutlardan nurlari sizib,
Quyosh chiqdi, tugadi tong ham.

Hamroh bo‘lib quyosh nuriga,
Ovchi kelib qoldi shu nafas.
Ovchi, quvon, seniki o‘lja,
Majruh bo‘ri qochib qutulmas.

Ovchi bo‘lsa (ovchimi o‘zi?!)
Hayron boqib turgan qopqonga,
Xayollarga ko‘milib o‘zi,
Qaytib ketdi qishloq tomonga...


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 20-Aprelda yuklangan

38 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
ovchi qopqon bo'ri o'lim oyoq tun tong osmon
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari