Sahifa yuklanmoqda . . .


Qishki bog'

1

* * *

Chegara yo‘q qish bilan kuzda —
Tashqarida qaysi fasl, kun?
Qish ertachi chiqqanmi ishga—
Tong otmadi — uzaydi bu tun.
Xayolimning minglab darchasi,
Dilning minglab derazasidan —
Xotiramning minglab parchasi
Kirdi sog‘inch chegarasiga.
Tong otmadi. Ko‘zlaring bu dam
Qorong‘udan menga boqdi jim.
O‘rindiqqa yastanib olgan
Harir kecha g‘ijimu g‘ijim.
Uzaydi tun. Uzaydi bu tun.
Tong otmadi. Bu fe’ling taniq —
Sen jonimni qiynamoq uchun
Bu kechani uzaytding. Aniq.
Ko‘zlaringga ko‘chirding pinhon —
Pinhon o‘tgan dardlaringgacha.
Tong otmadi — zabt etdi armon
Miyamning qat-qatlarigacha.
Tong otmadi. Uzaydi bu tun
Derazamga qoldi boylanib...
Qanaqa yil tashqarida, kun,
Qaysi asr keldi aylanib?


2

* * *

Qishda daraxtlarning turishi
Bola chizgan surat — chalkashgan.
Kaftlarida qorlar tutishib,
Jur’atlari yo‘qdir otishga.
Bu qish sensiz yo‘qman naqadar!—
Nomukammal — chizgi yurakman.
Sog‘inch to‘la ruhimga qadar
Qorlar tushar olov falakdan.
Sen — yuksakda. Har qadam — o‘tlig‘.
Yetti qavat edi-ku osmon —
Yetmish qavat osmondan o‘tdim —
Tugamadi sog‘inchu hijron.
Ko‘chalarda men yig‘lab kezdim,
O‘yladilar — junun qovurdi.
Men hajringda tanimni yoqib,
Shamolingga erkni sovurdim.
Kashf etmadim beshinchi fasl.
Bu yozu qish, kuzagu bahor,
Bildim, charxning aldoqchi darsi —
Faqat vasling haqdir telbavor.
Qishda daraxtlarning turishi —
Bola chizgan surat — chalkashgan.
Qalbu ruhim borar qurishib,
So‘zim yonib borar otashdan.


3

* * *

Sevgi — xatda naqadar go‘zal!
Dili — ayon, ruxsori — tiniq.
Gar qog‘ozga tushgan besayqal,
Ishq selidan ko‘zlari tinib.
Sevgi — xatda naqadar sodda,
Unutgandir o‘tmish alamin.
Yuragini shoh bilgan zotga
Topshirmoqchi butun olamni.
Sevgi — xatda naqadar yaqin.
Qalamga sir pichirlagan lab,
Go‘yo hozir portlaydi — chaqin...
Lablarimda o‘tdan qolgan taft.
Sevgi — xatda qanday barhayot...
Tugab borar sabru bardoshim.
Yirtamanu — yetmaydi sabot
Yoqamanu — tinmaydi yoshim.


4

* * *

Asablaring uzilyapti —
Noaniqlik — bedavo qayg‘u.
Taqdir yo‘li buzilyapti,
Hatto yaqin kelmaydi uyqu.
O, uchmoqlik qanday havasdir!
Umid qushi toldi intilib.
Axir, osmon juda ham pastdir —
Yurakkacha kelgan bostirib.
Telefonlar jiringlar, faqat
Ruxsat berar ko‘chalar sayrga.
Sen — etmoqchi bo‘lib ibodat,
Adashibmi kirding bu dayrga.
Oshiq — sevgi dayrida xordir...
Qayt, tavba qil, nomusulmonim!
...— Sevilganning xudosi bordir,
Sevilmagan xudosiz, jonim…


5

* * *

Ko‘kda osmondan ham katta g‘oz...
Ko‘kdan ulkan kuch g‘ozni otdi.
Oq patlari to‘zg‘adi noxos —
Dunyo oppoq patlarga botdi.

Osmondan ham katta g‘oz g‘ami
Faqat seni ayladi vayron.
Oppoq patlar to‘zg‘igan dami
Men xonamda yig‘ladim giryon.

Hech kim ko‘rmas — mening ko‘zimga
G‘oz nigohi sovuq boqadir.
O, bir kuni shomning yuziga
Shafaq bo‘lib qoni oqadir.

O‘yna, jonim! Qor otib o‘yna!
Sayr aylagin, g‘ussangni unut.
Bechora g‘oz parchalarida
Ruhu joning yayrasin kulib.

G‘oz xotiri — mening qalbimda,
Hayotimda — ming pora uni.
Soviyotgan ko‘m-ko‘k labimda
Sho‘rlik g‘ozning nafis uchquni.

Bu falokat asoratini —
Margni ko‘z-ko‘z etmagay ko‘rim:
Go‘zal g‘ozning halokatini
Bitta o‘zim... Bir o‘zim ko‘rdim.

O‘yna, jonim! Qor otib o‘yna!
Sayr aylagin — g‘amingni unut.
Bechora g‘oz parchalarida
Men ovchini turibman kutib...

 
6

* * *

Tiriklikning ters ummonidan
Qiynaldik biz — peshona sho‘rlar.
Ana, qishloq qabristonida
To‘ntarilgan qayiqdir go‘rlar.
Jonim mening,
Azizim mening,
Chorasizman — bo‘g‘imda uluv;
Yashamasang dunyoga kelib,
Hayot qanday ko‘rinsin suluv.
Chanqog‘ingni bosolsang, qani,
Qish tongining toza namiga.
Tangrim nega qul etdi seni,
Tentiratdi qorin g‘amida?
Sen turibsan, mana o‘rtada:
Yurak tamom — tolgan yugurib.
Cho‘ntagingdan — teshik pattaday
Tushib qolar so‘nggi g‘ururing.
Osmon bilan Yer o‘rtasida
To‘zg‘ib yotar qorning iplari.
Qaydan botding tun qorasiga
Nega buncha cho‘kkan kiftlaring?
Ana, chiqar zulmat qo‘ynidan
Quyosh nomli bir erka yulduz —
U ufqning uzun bo‘ynidan
Qonli sharfni charaqlab yuldi.
O, chayqaldi yana bir dunyo!
Jonim dorboz,
Dorga chiq beshasht.
Joning omon bo‘lsin, iloyo...
Yashash shudir,
Mana shu — yashash...


7

* * *

Samovatda muz gulxan endi,
Havolarda uchqun otdi qor.
Qahratonning o‘tiga soldi,
Yer yuzini gumbazi davvor,
Ayriliqda muz enish — uzun,
Qor ustiga to‘kilgan g‘amman.
Ko‘kragimga urilgan uchqun
Teshib, o‘tib borar yelkamdan.
Ko‘zlarimdan miyamga qadar
Izg‘irinlar kirarkan yelib,
Anglaymanki, kelar muqarrar
Haq vaslining muzaffar seli.
Bir-biridan ayrilmoqda hush —
Ruhu tanning ini uzilgan.
Mening ruhim — bir ingichka qush,
Yer qa’ridan Ko‘kka cho‘zilgan.


8

* * *

Yashamoqdan qiynaldi odam.
U o‘yladi — kun ko‘rdi bekor.
Tashqarida oq edi olam,
Tashqarida yog‘ar edi qor.

U o‘yladi — endi qishu kuz,
Yolvorsa ham qaytmaydi bahor.
Tashqarida oq libos nufuz,
Tashqarida yog‘ar edi qor.

Yolg‘izlikning cheksizligida
Ro‘zg‘orini ko‘rdikim — afg‘or.
Nisbat topmay tengsizligiga,
Tashqarida yog‘ar edi qor.

Odam ma’yus chiqdi hovliga...
Yorug‘ olam xonasidan tor.
Xush havoni bosib bag‘riga,
Tashqarida yog‘ar edi qor.

O‘ralmoqda ko‘kka tutuni —
Bu uylarning nima dardi bor?
Butun jismi bilan to‘kilib,
Tashqarida yog‘ar edi qor.

Bosh urib uy devorlariga
Etdimikan sho‘rlikni bezor?
Kechib dunyo g‘uborlaridan,
G‘uborlarga yog‘ar edi qor...

Chiroq yondi derazalarda,
Eshitildi g‘aroyib kuylar.
Poezd kabi allaqaylarga
Qator bo‘lib jo‘nadi uylar.

Ketar edi suyumli yori —
Qarashida munglig‘ istig‘for.
Maydalanib, negadir g‘arib,
O‘ynamasdan yog‘ar edi qor.

Derazadan silkitmasdi qo‘l,
Yig‘lamasdi farzandi oshkor.
Ketgunicha oppoq edi yo‘l,
Hamma yo‘lga yog‘ar edi qor.

Ketar edi onaizori —
Manglayini mushtlab ustuvor.
Tumanlarning bag‘rini yorib,
Tumanlarga yogar edi qor.

«Xayr» deydi do‘stu hamkori —
Sabru toqat qolmog‘i dushvor.
Havoning tosh bag‘rini yorib,
Do‘stlikka ham yog‘ar edi qor.

Chopdi uylar ortidan odam,
Ulgurmadi — talpindi bekor.
Tevarakda oq edi olam,
Tevarakda yog‘ar edi qor.

Odam qoldi — ko‘zida yoshi,
O‘z- o‘zidan kuldi telbavor.
Oqarardi odamning boshi —
Boshlariga yetar edi qor.


9

* * *

Tunu kunning o‘rtasida quyosh ham ozodmas,
Vaqtning seli o‘rtasida cho‘ng tosh ham ozodmas,
Yoshlaringni to‘xtatgin, deb iltijo nechun?
G‘amu shodlik o‘rtasida ko‘z yosh ham ozodmas.

 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 24-Mayda yuklangan

274 marta ko'rildi

2 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
qish bog' tong tun hayot dunyo xayol xotira
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari