Sahifa yuklanmoqda . . .


Qishga "xayr-xo‘sh"ni iymanib aytdi...

Qishga "xayr-xo‘sh"ni iymanib aytdi,
Bahorga — ko‘ngli bor — nim jilmaydi mart.
Mening ketgan do‘stim bir tunda qaytdi,
Bir tunda kurtakni yorib chiqdi barg.

Men boqqa yugurib chiqdim. Qo‘limga
Ishonmay, labimni tekkazdim — o‘sha!
Bu o‘sha — kuzda jim borgan o‘limga,
Tuproqqa qorishgan — odamga o‘xshab.

Axir, sirlashganman u bilan qancha!
Saharlardan yana otgunicha tong,
Yashillikdan toki xazon yetguncha,
Ruhim quvongancha, qiynalgancha jon.

Hamisha bor edi bir ulkan baxtim —
Bog‘da sayr qilarkan, bir lahza to‘xtab,
Tinglardim yeldagi yurakcha zarbin,
So‘ngra huzuriga borardim yo‘qlab.

Neni shivirlardi?
Yashash quvonchin,
O‘limning dahshatin aytardi takror.
Kulardi yam-yashil ko‘nglini ochib —
Birov tushundimi barg ham baxtiyor.

Barg, nega o‘ylanding?
Nega hayronsan?
Nahot, hali senda yo‘qdir xotira.
Tushundim — u bargga men singil, deysan,
Deysan — ishonmasang, daraxtdan so‘ra.

Meni aya, ey barg! Meni ayagan!
Aytgin: men — o‘sha do‘st — keldim fanodan...
Ko‘nglimda nur sochgan yashil chirog‘im,
Nahotki, barglar ham qaytmas dunyoga?

Meni alda, ey, barg! Aldagin, mayli!
Qara, vujudimda ruhim — qari qush.
U endi yangi do‘st orttirolmaydi —
Ketgan do‘stlarini sog‘inar hanuz...

Men boqqa yugurib chiqqandim dalli,
Barg bilan gaplashib, serraydim bebaxt...
Sen nega berasan menga tasalli,
Sendan o‘rganaymi yashashni, daraxt?


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 18-Mayda yuklangan

41 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
qish bahor ko'ngil tun do'st barg daraxt o'lim
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari