Sahifa yuklanmoqda . . .
Qayg‘um manim —
bir umrlik jo‘ram manim,
Yuragimning ich-ichida hujram manim,
Oynasidan oyning nuri tushib turgan,
Qafasdagi bulbuldayin uchib yurgan,
Qayg‘um manim
Qayg‘um manim —
Tug‘ilmishdan soyamdayin yonimdasan,
La ilaha illallohday yodimdasan.
Har dam manim jonimdasan, qonimdasan,
Yillar, oylar, kunlarimu onimdasan,
Qayg‘um manim
Qayg‘um manim —
Onam to‘kkan ko‘z yoshlarda ko‘rdim seni,
Mozorining boshlarida ko‘rdim seni.
Yuragimni tilib-tilib muz tig‘laring,
Qo‘shilishib “Onam” deya sen yig‘lading,
Qayg‘um manim
Qayg‘um manim —
Unutayin desam kimni, ismin aytding,
Tark etayin deganimni olib qaytding.
Yonimdasan izdihomu yolg‘iz paytim,
Navoiyning devonida suygan baytim,
Qayg‘um manim
Qayg‘um manim —
Bolaligim tashlab ketdi, sen ketmading,
Ilk sevgi shodliklarim unutmading.
Bamisoli kuzakdagi bargixazon,
Bamisoli qorlardagi subhi azon —
Qayg‘um manim
Qayg‘um manim —
Musichaday derazamda qo‘nib turgan,
Onamdayin hamma gapga ko‘nib turgan,
Ayni sahar shamchiroqday so‘nib turgan,
Yuragimga shabnamdayin inib kirgan,
Qayg‘um manim.
Qayg‘um manim —
Umrim bo‘yi xayr demay, salom demay,
Bo‘ldi yetar, endi bari tamom demay,
To‘ylarimda biron marta non tuz yemay,
Otamdayin qarab turgan bir so‘z demay,
Qayg‘um manim
Qayg‘um manim,
Qayg‘um manim —
Yuragimdan unib chiqqan ilk maysam,
Yillar ketar, oylar ketar — qaramaysan.
Belim bukik, sochim oq — sen qarimaysan,
Kunlarimni sarmast etgan qari maysan,
Qayg‘um manim
Qayg‘um manim,
Qayg‘um manim —
Bir kun kelar hayotimning guli so‘lar,
Mozorimning dunyoday keng bag‘ri to‘lar,
Yuragimdan unib chiqib chechak bo‘lar,
Qayg‘um manim,
Qayg‘um manim,
Qayg‘um manim…
O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.