Sahifa yuklanmoqda . . .


Podshoh g‘azablandi...

Yuzing qiyshiq bo‘lsa, Oynadan o‘pkalama. Maqol. Podshoh g‘azablandi. Podshoh bo‘kirdi: — Bu oyna qiyshiqdir! Oyna — fitnakor!.. Hamma bir seskandi — Yashinmi urdi, Ulgurmadi yuzin berkitib devor. Jarang... Oyna sindi. Ulamo — mustar... — Boshqa oyna toping! To‘p-to‘g‘ri oyna!.. Yana bir oynani keltirar usta, U ham chil-chil bo‘lib, Yiqilar loyga. Xizmatkorlar titrar, Vazirlar hayron. Ustaga ma’nodor tashlashadi ko‘z... U qiyshiq bir oyna keltirib, shu on Saltanat poyida Tiz cho‘kar beso‘z. Hamma yengil tortar. Hukmdor xursand! Qiyshiq yuzlarida Qiyshiq tabassum. Bir pasda oynaning atrofi tirband: — O, ana husnu, O, mana husn! Taxtida tipirlab Xaxolaydi shoh: — Buncha bo‘lmasanglar xunuk bashara! Va oliy farmoyish beradi nogoh: — Boshqa oynalarni Sindirib tashlang! Hamma fuqaroni Saroyga to‘plang, Bizning oynamizda o‘zlarin ko‘rsin... Oynaga boqib xalq Guvlaydi bir dam: — Shohim, Sizga chiroy muborak bo‘lsin! Taxtida tipirlab Xaxolaydi shoh: — Buncha badbashara bo‘lmasang, ey xalq! Olomon (Endi u xalq emasdir, oh!) G‘amgin pichirlaydi: Podshohim, Siz — haq! Bu yurt endi o‘zin ko‘rmoqchi bo‘lsa, Boqadi shu qiyshiq oynaga chunon... Boqadi: To‘g‘ri yo‘l Chalkashdir rosa, Egri yo‘llar esa to‘p-to‘g‘ri, ravon. Xotira qiyshiqdir, O‘y-xayol — qiyshiq. Yuraklar — qiyshaygan, Qibla — qiyshaygan, Hatto qiyshiq qilib aytilar qo‘shiq, Shior: "To‘g‘ri yurma! CHalkashtir! Aylan!" O‘yinqaroq bola, Sen nechun giryon, Qaydan topib olding oyna bo‘lagin? Nega yig‘layapsan? Ko‘rdingmi ayon? To‘p-to‘g‘ri dunyoning etsiz so‘ngagin? Podshohlar ham hatto Xom ishga qodir — Oynadan bir parcha omon-ku, omon!.. Bola, Endi senga yashamoq og‘ir. Endi sen yashovchi dunyoga oson...


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 12-Mayda yuklangan

27 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
podshoh oyna qiyshiq usta xizmatkor xalq olamon bola dunyo taxt
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari