Sahifa yuklanmoqda . . .


Parallel chiziqlar

Biz parallel chiziqlarmiz,
Uchrashmaymiz hech qachon.
Olg‘a qarab talpinamiz,
Izma-izmas, yonma-yon.
Tog‘ duch kelsa, teshish kerak,
Xanjar bo‘lar tanamiz.
To‘g‘ri yo‘lda lovullagan
Chaqmoqlarda yonamiz.
Biz parallel chiziqlarmiz!
To‘g‘rilik — taqdirimiz.
Umrimizga tik, to‘g‘ri yo‘l
Quramiz har birimiz.
Cheksizlikka yuguramiz,
Izma-izmas, yonma-yon.
Do‘stlarmiz-ku, ko‘rishmaymiz,
Uchrashmaymiz hech qachon.

To‘g‘ri yo‘llar charchatdi-ku,
Ey, parallel yo‘ldoshim,
Chaqmoqlarda, tumanlarda
Qoldi sabr-u bardoshim.
Boqqan egri chiziqlarga
Ular ayrilaverar.
Lahza o‘tmay yo‘llaridan
Jimjit qayrilaverar.
Yel qo‘zg‘olsa, qaltirashar,
Sokin panoh izlashar,
Chaqmoq chaqsa, chekinishar,
Olovlarda muzlashar,
Men ne uchun?.. Bo‘ldi... Xayr,
Ey, parallel yo‘ldoshim!..

...Bir kun beg‘am egrilikdan
Aylanib to‘xtar boshim.
Shunda sening yo‘llaringga
Termulaman nigoron.
Egrilikdan har lahzada
Topdim visolu hijron —
Ammo qolib ketaverdim,
Bir manzilda aylanib,
Yana yo‘lga chiqsammikin,
CHiqsammikin shaylanib.
Visol menga kerak emas,
Mayli, o‘ldirsin hijron...

Parallelim, meni kechir.
"Xo‘p" de yuray yonma-yon.
Men-ku bir kun hayqiraman
Lobachevskiy misol:
"Parallellar kesishadi!"—
Do‘stim, hamdam qila hol.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 20-Aprelda yuklangan

52 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
parallel chiziq yo'ldosh chaqmoq dunyo sevgi do'st to'g'rilik
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari