Sahifa yuklanmoqda . . .


O‘ttiz-qirq yil avval O‘zbekistonda...

O‘ttiz-qirq yil avval O‘zbekistonda,
Boshqacharoq edi
Farosat, didlar.
U payt ham
mehr-shafqat
jo edi jonga,
ammo o‘z joyini bilardi
itlar.
Itlar kurashardi bo‘rilar bilan,
o‘zlarin otardi
balolar sari,
ammo odam uchun — ko‘rpacha, gilam,
itning joyi esa,
eshikdan nari...
Suruv tegrasida kezardi sergak,
qora tasodifning to‘sib yo‘lini.
Cho‘ponga bo‘lardi
beminnat tirgak,
ammo
yalamasdi
uning qo‘lini.
Bosiq do‘st edilar odam bilan it,
Eng og‘ir damlarda hozir —
madadkor.
Ish qilmas edilar
bir-biriga zid,
duch kelib qolganda
biror bir jondor.
Beparvo o‘tlamoq — qo‘ylarning ishi,
itlar
vujudida bir hushyorlik bor.
Kenglik qarshisida oh ursa kishi,
"yalt" etib,
jonsarak,
qaraydi jonvor.
Odam hayotiga suqmaydi tumshuq,
it yaxshi biladi:
qadri - bebaho!
Xo‘sh, uni quchoqlab o‘psinlarmi?
Yo‘q!
Axir, chegara bor hurmatda hatga!
Qoru bo‘ron aro,
kurash, zavq aro,
shunday yashardilar bir-birini suyab,
Kechqurun gulxanda qaynardi sho‘rpo,
go‘shti - odamniki,
itga-chi - suyak.
Hurmat ko‘rar edi itlar shu taxlit -
olg‘armi, yuvoshmi,
tozimi, gurji...
Odam-ku bilardi
sodiq do‘stdir
it,
ammo odamning ham ko‘p edi burchi!
Bir tomon qalblarda urushning dog‘i,
bir tomon muzaffar el yalangoyoq.
Bir tomon quvonchu,
bir tomon og‘u,
Bir tomon o‘rog‘u
bir tomon mashoq...
Inson shoshar edi,
shoshardi it ham -
insonga bo‘lmaydi biroq tenglashib,
Yugurib dalaga
jo‘nardi odam,
it ham borar edi
unga ergashib...
Tashqariga qarang,
bugun ko‘chada
yog‘adi bugunning qori elaklab.
Sovuqda qunishgan eshikxonadan
iti bir odamni
chiqdi yetaklab...
Ha, men adashmadim!
Bir odam chiqdi
itga yetaklatib xuddi o‘zini!
Bu odam umrini
shu itga
tikdi -
burchini, mehrini, shirin so‘zini...
Gudak yig‘lamaydi uning uyida,
Birovni yo‘qlamoq - ortiqcha tashvish.
Haqiqat, elu-yurt... -
bari quyida,
faqat itni sevib,
qilar parvarish.
Bu odam o‘ylamas dunyo g‘amini -
yurakka tushmasin
biror mayda dard.
Sezmaydi ayriliq,
visol ta’mini,
bilmaydi -
itdanmas,
odamlardan qarz.
Uni it yetaklab kelmoqda, xullas.
Ammo, kuchuk sho‘rlik borardi qayga?
Goh qarg‘a ortidan yugurar lohas,
goh buta tagiga -
ovloqroq joyga...
Ba’zan bir zum to‘xtar...
Boqar javdirab,
tog‘day bu odamning
toshday ko‘ziga:
deganday - charchadim, toldim tentirab -
yo‘l boshla!
Mas’ullik olgin o‘zingga!..
Zamon!
Sen turibsan nechun parishon,
Nechun so‘nib borar vujudingda cho‘g‘,
Hali o‘lganim yo‘q,
yashayapman omon -
itlar yetovida
qolganim ham yo‘q!
Qani, yur,
yetaklab seni keturman,
Uzoq-uzoqlarni ko‘rmoqda ko‘zim, -
Men seni itlarga berib qo‘ymayman -
Seni yuragimga eltaman o‘zim!


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 23-Aprelda yuklangan

40 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
o'zbekiston odamlar itlar joy hurmat bo'ri ish mas'uliyat
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari