Sahifa yuklanmoqda . . .

O'tkir Hoshimov Hayoti va Ijodi

O'tkir Hoshimov

yozuvchi
adib
muharrir
ijodkor
dramaturg

05 Aug 1941, Toshkent shahri da tavallud topgan

24 May 2013, Toshkent shahri da vafot etgan

5570 marta ko'rildi


O'tkir Hoshimov asarlari:

Barcha asarlari

Hikoyalari

Realistik hikoyalari

Romanlari

O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov Toshkentning Do‘mbirobod dahasida 1941 yilning 5 avgustida tavallud topgan bo‘lib, bolaligi urush qiyinchiliklari, muhtojliklari davrida kechgan. Shu tufayli u o‘rta maktabni a’lo baholar bilan bitirgan bo‘lsa ham oilaviy sharoiti yuzasidan ishlab turib o‘qishga majbur bo‘lgan. Toshkent Davlat universiteti jurnalistika fakultetining sirtqi bo‘limida o‘qish bilan «Temiryo‘lchi», «Toshkent haqiqati», «Qizil O‘zbekiston» kabi gazetalarda turli yumushlarni bajargan. 1966—1982 yillarda «Toshkent oqshomi» gazetasida bo‘lim mudiri, 1982—1985 yillarda G‘. G‘ulom nomidagi nashriyotda bosh muharrir o‘rinbosari, 1985 yildan boshlab esa «Sharq yulduzi» jurnalining bosh muharriri bo‘lib ishlab keladi. U O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati hamda Matbuot va axborot qo‘mitasining raisi bo‘lib ham ishlagan.

O‘tkir Hoshimov ijodi publitsistikadan boshlangan bo‘lib, birinchi kitobi 1962 yilda «Po‘lat chavandoz» nomi bilan bosilib chiqqan. Uning ilk hikoyasi esa 1963 yili «To‘rt maktub» nomi bilan chop etilgan. Keyinchalik mazkur hikoya asosida «Cho‘l havosi» (1963) qissasi yaratilgan. Mazkur qissa haqida ustoz Abdulla Qahhordan olingan maktub, yosh adib ilhomiga ilhom qo‘shdi, dalda berdi. Shundan so‘ng uning «Odamlar nima derkin», «Shamol esaveradi» qissalari maydonga keldi. Ayniqsa, adibning «Bahor qaytmaydi» (1970), «Qalbingga quloq sol» (1973) kabi qissalari yozuvchiga shuhrat keltirdi. 1976 yilda mazkur asarlar muallifi Respublika Yoshlar mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Adib «Nur borki, soya bor» (1976) romanida jamiyat ijtimoiy hayotidagi illatlarni, turg‘unlikning mohiyatini ochish asnosida davrning muhim ma’naviy-axloqiy masalalarini ko‘tarib chiqdi. Shundan so‘ng u yana bir go‘zal asarni — O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Oybek mukofoti bilan taqdirlangan «Dunyoning ishlari» (1982) qissasini yaratib, ma’naviyat haqidagi bahsni davom ettirdi.

O‘tkir Hoshimov ijodida «Ikki eshik orasi» romani alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Unda adib qariyb qirq yillik davrni o‘z ichiga olgan va bir qator chigal hamda murakkab taqdirlar misolida o‘z xalqining tarixiy qismatini mahorat bilan umumlashtirib berdi. Shu tufayli ham O‘. Hoshimov romani 1986 yilda Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

O‘tkir Hoshimov hikoya janrida ham unumli ijod qilgan. Xususan, uning «Muhabbat», «Dehqonning bir kuni», «Urushning so‘nggi qurboni», «O‘zbek ishi» kabi asarlari o‘zbek hikoyachiligi rivojiga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shildi. Uning «Qalbning oppoq daftari», «Muqaddas qasamni buzganlar», «Avlodlarga nima deymiz», «Mantiq qani?», «Davlat siri» kabi maqolalari esa so‘nggi yillar o‘zbek publitsistikasining yutuqlaridan biri bo‘ldi.

O‘tkir Hoshimov mohir hikoyanavis, qissanavis, romannavis va publitsistgina emas, dramaturg sifatida ham zamonaviy adabiyot rivojiga ta’sir ko‘rsatdi. Uning «Hazon bo‘lgan bahor», «To‘ylar muborak», «Vijdon dorisi», «Inson sadoqati», «Qatag‘on» drama va komediyalari Respublika teatrlari sahnalaridan munosib o‘rin egallagan. «Daftar hoshiyasidagi bitiklar» (2001) kitobi ijtimoiy-ma’naviy hayotda muayyan iz qoldirgan.

O‘tkir Hoshimov tarjimon sifatida O. Berggolts, S. Sveyg, Mustay Karim, V. Shukshin asarlarini o‘zbek tiliga ag‘dargan. Uning eng yaxshi va sara asarlari rus va boshqa tillarga tarjima etilgan. Adibning jami nashr etilgan asarlari ellikdan ortiq bo‘lib, ularning umumiy tiraji qariyb ikki milliondan oshadi. O‘. Hoshimovga samarali ijodiy mehnati uchun 1991 yili «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» faxriy unvoni berilgan. «Mehnat shuhrati» (1996), «Buyuk xizmatlari uchun» (2001) ordenlari bilan mukofotlangan. 2013 yil 24 may kuni Toshkent shahrida vafot etgan.

Tafakkur Tafakkur asarlari

Barcha taklif va mulohazalaringizni quyidagi elektron manzilga yuboshiringiz mumkin: