Sahifa yuklanmoqda . . .
Men sevaman Dezdemonani,
Kiprigiga qo‘ndirmayman gard.
Chorlashmoqda sahnaga meni...
Hozir uni o‘ldirishim shart.
Tinch saodat kezar qonimda,
Muhabbatga ko‘milgan borliq.
Ro‘molcha ham mana yonimda,
Qilmaganman hech kimga tortiq.
Ammo zalda guldirar qarsak,
Har to‘lqini qalbda bir raxna.
Xazon bo‘lar gullagan yurak —
Xazonligim ko‘rmoqchi sahna.
Qarsak chalar kafti qizarib,
Hayajondan sakraydi juvon.
U, bilmayman, neni axtarib,
Uchta erdan kechgan batamom.
Qarsak chalar munkaygan kampir,
Qarsak chalar oriq-semizlar...
...Yago, qani, g‘iybatdan gapir,
G‘azab bilan bujmaysin yuzlar.
...Men sahnaga chiqib kelaman,
Dezdemona uxlaydi ma’sum.
Dezdemona, seni sevaman!
Kel, noshud zal istagi uchun —
"Qorday oppoq, marmarday tiniq"
Vujudingga solayin chovut.
Zal dahshatdan tushsin silkinib.
Zal qalqisin misoli tobut!
Ne azob bu? Besh asr bo‘ldi,
Bo‘zlab seni bo‘g‘aman har tun —
Qo‘rqoqlarning ojiz rashkiyu,
Bevafolar qilmishi uchun!
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).