Sahifa yuklanmoqda . . .


O‘sha — meni hech kim sog‘inmagan shom...

O‘sha — meni hech kim sog‘inmagan shom
Avto bekatida hayrona turdim.
Boshimni ko‘tarib boqdim bir zamon.
Qarshimda bir yigit, bir qizni ko‘rdim,

Yigitning paltosi... Yo‘q, yodimda yo‘q...
Aniq, ko‘m-ko‘k edi qizning paltosi.
Bellarini quchgan belbog‘i ham ko‘k.
Hatto ko‘m-ko‘k edi to‘rtta tugmasi...

Yigitning ko‘zlari... Eslay olmayman...
Oshkor jaranglatib pinhon o‘yini,
Qizning ko‘zlarida yoqardi gulxan.
Erkalik va ishqning ma’sum quyuni…

Yigitning yuzida bilmayman, nima...
Ammo qizning yuzi qarshimda ayon:
Uni ko‘mgan edi gulgun shafaqqa
Muhabbat — eng moviy pokiza osmon...

Qor bo‘lsa yog‘ardi, qizning boshidan
Kumush tangalarni ayamay sochib,
Shamol titar edi — ko‘zi, qoshiga
Manglayiga tushgan bir tutam sochin.

Yigit... Yigit bilan qancha ishim bor!
Ammo qiz yigitni shunday suyardi —
Ki, goh termulardi hazin, beozor,
Goho qo‘llarini ushlab qo‘yardi.

Toshkentday shaharda, balki dunyoda
Yagona — hammadan go‘zal edi qiz.
Chiqmasa ham telba orzum ro‘yobga,
Bo‘zlab qarshisiga cho‘kkim keldi tiz!

Yigit...Ammo nega seni o‘ylayman,
Hozir ham havasdan muzlaydi etim...
Men qorli bekatda vayron turgan shom,
Sen mendan — hammadan baxtiyor eding.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 22-Aprelda yuklangan

75 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
shom bekat sog'inch yigit qiz sevgi baxt alam
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari