Sahifa yuklanmoqda . . .
Olis yurtning begona isi
Sohillarni ko‘mdi nogahon.
Tund bo‘lsa ham dengizning yuzi
Kema qaytdi safardan omon.
Pristanda tizilib turar,
Erlarida o‘y-xayollari,
Odessaning baxtli, mo‘tabar,
Gunohkor va pok ayollari.
Asli kasbi bo‘lsa ham firoq
Chidolmadi keksa kapitan,
Xotinini to‘lqinday oppoq
Sochlariga ko‘mildi birdan.
Alp qomatli dengizchi shodmon
Ko‘rishdi-da dovdirab, yonib,
Jo‘nab ketdi uyiga tomon,
Xotinini ko‘tarib olib.
Hamma ketdi...Bir matros faqat,
Olis yurtning begona isin,
Tark etgisi kelmasdan karaxt,
Uzoqlarga tikardi ko‘zin.
U ham ketdi... Xayollar surib,
Kuylagancha matros qo‘shig‘in,
Ko‘chalarda tentirab yurib,
Mayxonaning ochdi eshigin...
Mudrab yotgan maston shaharcha
O‘sha kecha uyg‘ondi cho‘chib.
Bir hasratli, g‘amgin ashula
Ko‘chalarda yurardi uchib.
Sarmast bo‘lib kuylardi kimdir
Tun yarmidan oshgan vaqtida —
Dengizlardan narida qolgan
Eng chiroyli bir qiz haqida...
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).