Sahifa yuklanmoqda . . .


Nodramatik ballada yoki beg'am marsh

Barcha ertaklarning
Qahramoniman.
Ertakda yashamoq —
O, naqadar soz.
Parqu bulutlarning
Oppoq yonidan,
"Uchar galam"larda
Qilaman parvoz.

Yurak, yugur! Yugur!
To‘xtama bir on!
O‘lmasak bo‘ldi-da —
Bosh bo‘lsin omon!

Ha, albatta meni
Malika sevar,
Sevmasa ham xafa
Bo‘lmayman zarra.
Faqat xonavayron
Bo‘ladi devlar —
Sho‘rliklar boshida
Sinadi darra.

Yurak, yugur! Yugur!
To‘xtama bir on!
O‘lmasak bo‘ldi-da —
Bosh bo‘lsin omon.

Podshohlarni qattiq
Etgum nazorat —
Xalqiga nohaq so‘z
Aytsa bir og‘iz,
Oyog‘im o‘psa ham,
Qilmasman shafqat —
Uni yamlamasdan
Yutar yalmog‘iz.

Yurak, yugur! Yugur!
To‘xtama bir on.
O‘lmasak bo‘ldi-da —
Bosh bo‘lsin omon!

Qarshimda ajdarho
Egar boshini,
Qurigan dengizga
Suv qaytar — savob.
Dengizni yutganlar
To‘kar yoshini —
Ularni ajina
Qiladi xarob.

Yurak, yugur! Yugur!
To‘xtama bir on!
O‘lmasak bo‘ldi-da —
Bosh bo‘lsin omon!

Hamma Alpomishlar
Tirilib qaytar,
Tepsinib turadi
Hamma Boychibor.
Bir kuni ko‘z yoshsiz
Qo‘shiqlar aytar,
Farzandi borligin
Sezgan bu diyor.

Yurak, yugur! Yugur!
To‘xtama biron!
O‘lmasak bo‘ldi-da —
Bosh bo‘lsin omon!

O, naqadar sozdir
Ertakli dunyo,
Baxtli bo‘lavering —
Bitmoqda so‘zim...
O‘zim murodimga
Yetmayman ammo,
Baxtli bo‘lolmayman
Faqat bir o‘zim.

Yurak, yugur! Yugur!
To‘xtama, bu chog‘...
O‘lsak, o‘libmiz-da —
Dunyo bo‘lsin sog‘.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 18-Mayda yuklangan

33 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
ertak yurak hayot dunyo qahramon bulut o'lim yugurmoq
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari