Sahifa yuklanmoqda . . .


Navoiy qabri

Hirot shahristoni
Uzra balqib tong,
Shuurga to’lganda chorbog’u-dashtlar,
Shahar chetidagi
Qadim qabriston
Darvozasidan kirdi ikki yosh askar.

Yelkalarda miltiq
Osilgan edi,
Biri o’zbek edi, boshqasi – afg’on.
Tinch edi, sarin yel
G’ir-g’ir esardi,
Xatarni sezgandek qizil edi qon.

Qabriston oralab
Aylandi ular,
O’lganlar uyqusin aslo buzmasdan.
Anbar islarini
Sochardi gullar
Urush dahshatini, qonni sezmasdan.

Yosh afg’on askari
To’xtaru birdan,
Bir dam boshin egib hayolga botar,
So’ng aytar qandaydir
Bir alam bilan:
“Bu maqbarada hazrat Navoiy yotar…”

Bu so’zni eshitgan
O’zbek bolasi
Vujudida ko’zin ochdi muz titroq.
Birdan ko’z o’ngidan
Yarq etib o’tdi
Olis-olisdagi qadrdon tuproq.

U uzoq o’tirdi
Maqbar qoshida,
O’z-o’zidan nogoh namlandi ko’zi.
Armonlar bor edi
Ko’zin yoshida,
Tiliga yugurdi dilining so’zi:

“Bobojon, nahotki,
Shunda yotibsan?
Agar shunday bo’lsa, beraqol sado.
Bu yerga Amudan
Oshib kelganman,
Baynalmilal burchim etay deb ado.

Sening xoking yotgan
Bu badbaxt yurtga
Qo’lda miltiq bilan men kirib keldim.
Ikki yil jang qilib,
Faqat shu bugun
Sening bu tuproqda yotganing bildim.

Ko’zim ko’r, dilim ko’r,
Tilim kesilgan,
Sening nevarangman, sening bolangman.
Bobojon, kechirgin,
Ism-sharifingdan
Boshqa hech nimani yaxshi bilmayman.

Garchi men yashagan
Yurt shoirlari
Sening noming bilan ichurlar qasam,
Men qanday ishonay
Bu qasamlarga,
Sening yuragingni agar bilmasam.
Bilsam, kelarmidim,
Axir, bobojon,
Sen yotgan tuproqqa miltiq, tig’ ushlab…”
Yosh o’zbek o’g’loni
So’zlardi nolon,
Alamu-hasratdan labini tishlab.

U uzoq so’zladi
Silqigan darddan,
U uzoq so’zladi bo’lgancha ado.
Ammo tong sukutin
Buzib maqbardan
Chiqmadi baribir biron bir sado…

1988


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

25 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari