Sahifa yuklanmoqda . . .
Meni asir oldilar.
Bedovimning badani
Asabiy titrar, uchar...
Olloh, karaming qani?
Bedovim pishqiradi,
Kishnaydi ezib-ezib,
Jiloviga yopishgan
Ajalning ho‘lin sezib...
Meni asir oldilar.
Osmon — qaro, er — qaro...
Nega istiqbolimga
Chiqding, sen, ey fuqaro?
Balki bir tirik satrim
Cho‘kkan ko‘ngling ko‘tarib,
Uchgan g‘amxona yerdan
Orzu osmoni sari.
Balki yetim-yesirga
(Tiyolmay ko‘zdan yoshim)
Ehson aylaganimda,
Xayolkash vatandoshim,
Boshimga toj kiygizib,
Meni ko‘rgansan sulton —
Jami jonzod baxtiyor,
El — tinch, yurt — omon-omon...
Balki ustod Alisher
Qalbidan ko‘chgan mehr
Yuragingga pok ruhim
Bandlab, aylagan sehr...
Meni asir oldilar.
Otim suvlig‘in chaynar,
Nayzalari so‘lqillab,
Qo‘llarida o‘q-yoylar,
Qo‘riqchilar tegramda
Qur tashlab borar hushyor.
Dardimni aytolmayman...
Xalq, tingla bir band ash’or:
"Men ham ilkimda qilich,
Ovlaganman yo‘lbars, sher!
Dushman muzaffar o‘ldi,
Ag‘yor falak qildi yer..."
Meni asir oldilar...
Bo‘g‘zimda erk qo‘shig‘i!
Angrayib ochiladi
Hibsxona eshigi.
So‘ng bor olamga boqqin
Ey, omonat hayotim!
(Ko‘zida yosh aylanib,
Qo‘limni yalar otim).
Endi hech ko‘rishmaymiz,
Oqibatli fuqaro,
Oyoq-qo‘lim zanjirda,
Hibsxona qop-qaro.
To‘rt tomonda sollanar
Xoin mushtlar ko‘lkasi...
Nega tinch yasholmaysan,
Bobolarim o‘lkasi?
Nahot har zukko ahl,
Sheryurak, temirbilak,
Fitnalarning zarbidan
Yo‘qlikka ketsa qulab?
"Men ham ilkimda qilich,
Ovlaganman yo‘lbars, sher.
Dushman muzaffar o‘ldi,
Ag‘yor falak qildi yer..."
Bu tun bobom g‘o‘ldirab,
Shirkayf boqib jahonga,
Muhr bosar qonsirab
Qaltiragan farmonga.
Nizomulmulk tirjayar,
Ta’zim aylar bosh egib.
Jallodga "oq yo‘l" tilar
Momom Xadichabegim...
Hibsxona eshigi
Shiddat bilan ochilar,
Bir xavotir ichida
Tosh qotadi soqchilar.
Kir panjasin bo‘g‘zimga
Qadar jallod Biy Jangiy...
Qonxo‘r! Muncha titrama,
Oyoq-qo‘lim ko‘ganli!
Olloh, sobit sabr ber!
O‘lim oldi talvasam
Viqorli, sokin bo‘lsin —
Ajalga boqay o‘ktam.
Ko‘ksimda qotar nafas...
Karaxt tanimdan oqib,
Jonim oyday chiqaru
Tumanga ketar botib.
Qotil! Tamom... Men o‘ldim...
Qotil! Bo‘ynimni bo‘shat!
Ruhim yel aro uchar
Bir dasta nurga o‘xshab.
Nurga tashna, ey xalqim,
Men uchunmi kiyding ko‘k?
Yosh edim — dardlaringga
Malham bo‘lolganim yo‘q.
Jasadim sovib borar...
Qotil, olgin qo‘lingni,
Allaqachon tanimga
Joylagansan o‘limni.
Nimadan qo‘rqayapsan?
Titrayapsan? Hushyorsan?
Meni yana asrlar
Bo‘g‘moqlikka tayyorsan...
Asriy zo‘riqish nechun?
Axir, ushbu lahzalar
Abadiyat toj-taxtdan
Jirkanmog‘iga yetar!..
Bu o‘rinda Mo‘min Mirzoning she’ri erkinroq bir tarzda keltirildi.
Muzaffar so‘zida ikki ma’no bor: muzaffar — g‘olib, Muzaffar — Mo‘min Mirzoni hibsga olgan amakisi — Muzaffar Husaynning ismi hamdir.
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).