Sahifa yuklanmoqda . . .


Menimcha

Dillarda shubha tug‘ilganda
Qulf paydo bo‘lgan.
Yuraklar qo‘rquvdan tugilganda
Qul paydo bo‘lgan.

Hamdard yo‘qligidan
Dard paydo bo‘lgan.
Dardsiz yuraklarda
Gard paydo bo‘lgan.

Jannatdan quvilganda
Yer paydo bo‘lgan.
Jannatni sog‘inganda
She’r paydo bo‘lgan.

Hovlilar, devorlar
Berk paydo bo‘lgan.
Ularni qulatguvchi
Erk paydo bo‘lgan.

Ishqni yashirishga
Dil paydo bo‘lgan.
Bu sirni ochishga
Til paydo bo‘lgan.

Orzu va armondan
Qush paydo bo‘lgan.
Erksiz qush mungidan
Tush paydo bo‘lgan.

* * *

Olis-olislarga ketmoq istayman,
Havoli joylarga, yuksak joylarga.
Bitta she’r… bitta she’r bitmoq istayman –
O‘xshasin kuzdagi to‘lin oylarga.

Bahorgi qirlarda chechak shiviri
She’rim so‘zlarini senga yetkazsin,
Mening armonlarim, mening dardlarim
Sen kezgan bog‘larni intizor kezsin.

Bir paytlar sochlaring silagan shamol
Tunlarning qa’ridan yonimga qaytsin,
Daryo bo‘yidagi so‘nggi majnuntol
Qirq kecha dardimni suvlarga aytsin.

Men ham o‘sha daryo ortidan boray,
Bo‘linib-bo‘linib ketay soylarga.
Men ham o‘sha suvlar ortidan boray,
Havoli joylarga,oydin joylarga.

O‘sha olislarga yetib borsam men –
Chekkan hasratlarim tamom bitarmi,
Xuddi anordayin qalbim yorsam men –
O‘sha bitta she’rga qonim yetarmi?!…


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

51 marta ko'rildi

2 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari