Sahifa yuklanmoqda . . .


Men yo‘qman. Yolg‘onlar meni yo‘qotdi...

Men yo‘qman. Yolg‘onlar meni yo‘qotdi.
Chin gaplar sevgimga qilmadi karam.
Nega chorrahada tosh kabi qotding,—
Endi sayr qilgin izg‘irin bilan.

Qo‘ng‘iroq chalmagin. Ochmaydi hech kim,
Eshik na jilmayar, na u so‘z bilsin.
Azizlik taxtidan tushgan, azizim,
Paltongni sukunat qoziqqa ilsin.

O‘t jonidan o‘tar — bo‘zlaydi choynak,
Deraza yig‘laydi — tashqari tuman.
Teleekraningning og‘zini poylab,
Endi qahva ichgin yolg‘izlik bilan.

Soat bong uradi. Tun yarim... Yarim...
Dil yarim — g‘ussadan to‘lmas hech qachon...
Zulmatgoh xonaning ichida, yorim,
Endi sezavergin o‘zingni tobon.

Uxlaysan. Ne uchun titraydi nafas?
Yana "kel" deysanmi?... Chorlama. Men yo‘q.
Men yo‘q. Endi mening ko‘ksimga emas.
Yostiqning yuziga yoshlaringni to‘k.

Yo‘q, yo‘q, ishonmagin! Bu she’rdan tondim,
Bu mening o‘zimga otganim — o‘qdir.
Axir, bu dunyoda men sensiz qoldim,
Hatto dardlashmoqqa yolg‘izlik yo‘qdir...


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 23-Aprelda yuklangan

38 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
yolg'izlik yolg'on gap sevgi yor ayriliq hijron izg'irin
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari