Sahifa yuklanmoqda . . .
Suratimni chizmoq uchun
Oppoq bo‘yoq tanlading.
Bu dunyoga nega kelib,
Ketganimni anglading.
Qo‘llarimning tasviriga
Yugurtirding oq bo‘yoq.
Yuzimni ham oqqa bo‘ya,
Yuzim doim bo‘lgan oq.
Kurashlarda garchi yondim,
Shukur, vijdon beyamoq.
Chizavergin imonimni:
Imongoh — yurak oppoq!
Xo‘sh, nimani o‘ylab qolding,
Qanday bo‘lur tevarak?
Ha, suratning tevaragi
Bu dunyoi charxpalak!
Bu dunyoni tushuntiray:
Menga yaxshi so‘z bo‘ldi,
Men duch kelsam qay odamga,
Bir umrga do‘st bo‘ldi...
Yo‘q, bekor gap, do‘stlarimdan
Faqat yaxshilik topdim.
Demak, surat tevaragin
Oppoq bo‘yoqda yopgin!
Qora rangga qo‘l tegizma,
Shafqat ham kerak andak!
Men kechirdim, nahotki, sen
Kechirmaysan, kelajak...
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).