Sahifa yuklanmoqda . . .
Ko‘pingiz yomonmas, yaxshi bolasiz,
Yashaysiz do‘konni ona deb bilib.
Birovning ko‘ziga tikka boqmaysiz,
Poyiga boqasiz zimdan tikilib.
Poyafzal — hammaga qismati azal.
Ularga taqdirlar yozilgan aniq,
Kimningdir umridan omad qochsa sal,
Etigi albatta qolar qiyshayib.
Puldorning oyog‘i mudom yarqirar,
Bulutsiz umridan beg‘am nishona.
Unga duch kelganda ayyor bolalar,
Girdida bo‘lasiz darrov parvona.
Baxshi bobongizni bilmaysiz ammo,
Bu ayyor o‘yinda sizlarni yutdim!
Menga berolmaysiz hech qanday baho —
Oyoqyalang bo‘lib dunyodan o‘tdim...
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).