Sahifa yuklanmoqda . . .


Majlis bo‘ladi

Sekin-sekin chekinadi tun,
Sekin-sekin tong ham kuladi.
Boshlanadi yana yangi kun,
Yana bizda majlis bo‘ladi.

Shoshilaman ishga har daf’a,
Xizmat hushim chulg‘ab oladi.
Birov xursand, birov ko‘p xafa,
Yana bizda majlis bo‘ladi.

Birov minar tanqid otiga,
Birov uzr aytib qoladi.
Kimdir eydi ichi-etini,
Yana bizda majlis bo‘ladi.

Terlab ketar va’zxonlar ba’zan,
Achchiq hidga xona to‘ladi.
Safsatadan burqsiydi to‘zon,
Yana bizda majlis bo‘ladi.

Cho‘ziladi goho shom qadar,
Goho boshliq zug‘um qiladi.
Uyda xotin javrar: “Darbadar!..”
Yana bizda majlis bo‘ladi.

Pir bo‘ladi ba’zan hafsalam,
Qochib qolsam darrov biladi.
Ko‘riladi mening masalam,
Yana bizda majlis bo‘ladi.

Shu boiski, bir so‘z aytmayman,
Ichda dardim ko‘ksim tiladi.
Goh tunda ham ishdan ketmayman,
Yana bizda majlis bo‘ladi.

Yillar o‘tar, bir kun ehtimol,
Ajal jonga changal soladi.
-To‘xta, – deyman shunda, – ey ajal,
Yana bizda majlis bo‘ladi.

1974


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2018, 20-Martda yuklangan

27 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
tun tong kun majlis biz
Muallif
Amirqul Po'lkan

Amirqul Po'lkan

Amirqul Po‘lkan kamtar, kamso‘z, lekin ishonchli do‘stlari davrasida dilkash, tafakkuri teran shoir edi. U bilan do‘stona munosabatlarimiz bor edi. U „Sharq Yulduzi“ining she’riyat bo‘limida, men esa yozuvchilar uyushmasida she’riyat bo‘yicha adabiy maslahatchi bo‘lib ishlardim. Uning she’rlari quyma shaklda, misralari me’yoriga etkazilgan bo‘lar, quruq maqtovni yoqtirmas, tez qizarib ketguvchi edi (Shoir Yodgor Obid xotiralaridan).

Batafsil


Yangi She'rlar Amirqul Po'lkan She'rlari Amirqul Po'lkan asarlari