Sahifa yuklanmoqda . . .


Lo'li qiz qo'shig'i

Meni seving,

Mendan nafratlaning —

Boshqasiga ruxsat bermayman.

Men sizni sevaman

Va nafratlanaman,

Mayda tuyg‘ularni ko‘rmayman ravo.

She’r yozaman — sevgi,
She’r yozaman — nafrat.

Siz bo‘lsa, la’natilar,
Aldaysiz meni,
Qo‘lda xanjar tutib
"Sevaman" deysiz.

Qo‘rqmang,

Rostini ayting,

Balki sizni

O‘shanda sevib qolarman,

Mana, men

Sizga

Nafratim va sevgimni

Har bitta she’rimda

Aytayapman-ku!

Balki shuning uchun

Mendan

Nafratlansangaz ham

Sevgilingizga

She’rlarimni yoddan o‘qib berasiz.

Men sizning rost gaplaringizni

Sevligimga

Aytaman qachon?..

Men yo‘llarda tug‘ilganman,
Ayrilmasman yo‘llardan.
Umrim o‘tar yo‘llar bilan,
Kezib-kezib o‘larman.

Bugun bo‘lsa yuragimga
Hamdam begona tuyg‘u.
Bu tuyg‘ular o‘tkinchidir,
Faqat shu yo‘llar mangu.

O‘tar edim bir qishloqdan,
Aqlim oldi bir o‘glon.
Qololsaydim shu qishloqda,
Yashar edim bearmon.

Ul yigitga yor bo‘lishni,
Orzu qilaman, orzu.
Ammo orzu o‘tkinchidir
Faqat shu yo‘llar mangu.

Lovullaydi jajji gulxan,
Unga boqib o‘ylayman.
Qo‘lga olib childirmani,
G‘amlarimni kuylayman.

Muhabbatim dovul misol,
Qalbimga solar g‘ulu.
Ammo sevgi o‘tkinchidir,
Faqat shu yo‘llar mangu,

Ketmas bo‘lsa muhabbatim,
Qalbimda qolsa turib,
Uni sira ayamasman,
O‘ldiradurman bo‘g‘ib —

Qar narsani yengadurman,
Muhabbat oddiy g‘am-ku!
U o‘tkinchi...o‘tib ketar...
Faqat shu yo‘llar mangu.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 20-Aprelda yuklangan

85 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
lo'li qiz sevgi nafrat tuyg'u she'r la'nat xanjar
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari